“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi “Inchxon” (Koreya) xalqaro aeroporti korporasiyasi bilan “Toshkent-4” yo`lovchi terminalini loyihalashtirish va “Toshkent-2” terminalidan foydalanishni optimallashtirish masalalari yuzasidan muzokaralarni boshladi.
Koreyalik mutaxassislar salohiyatli maslahatchi sifatida I.Karimov nomidagi aeroportda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash uchun taklif etildi.
Koreyalik hamkasblar loyihalashtirilayotgan “Toshkent-4” terminali o`lchamlari va loyiha bo`yicha kapital quyilmalarni hisob-kitob qilish bo`yicha o`z talqinlarini, shuningdek mavjud “Toshkent-2” terminalida qulaylik va ko`rsatiladigan xizmatlar darajasini oshirish, uni planlashtirish echimini qayta ko`rib chiqish orqali terminalning o`tkazish qobiliyatini oshirish bo`yicha takliflarini taqdim etdilar.
Ta`kidlab o`tamiz, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” aeroporti bugungi kunda qulay geografik o`ringa ega, aeroport MDH dan Janubi-Sharqiy Osiyo, Evropa va Amerikaga boradigan havo yo`llari kesishuvida joylashgan. Aeroport dunyoning deyarli barcha yirik shaharlari bilan havo yo`llari orqali bog`langan. Aerodromda ikkita uchish-qo`nish yo`lagi bor, ICAO ikkinchi toifasiga ega, bu unga barcha rusumdagi havo kemalarini qabul qilishga imkon beradi.
“Toshkent-2” terminali soatiga 1 mingdan ortiq yo`lovchiga xizmat ko`rsatishga qodir. Har yili uning xizmatidan 2,5 mln dan ortiq yoʻlovchi foydalanadi.