O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan chiqariladigan rasmiy ogohlantirish shaklini hamda uni chiqarish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to`g`risida yo`riqnoma”da belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan huquqbuzarlikka yo`l qo`yilishining oldini olish maqsadida profilaktik suhbatlar o`tkazish hamda rasmiy ogohlantirish xatlari berish amaliyoti yo`lga qo`yildi.
Masalan, birgina Quyichirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan so`nggi ikki oy davomida 386 ta subekt ishtirokida soliq majburiyatini bajarish bilan bog`liq profilaktik suhbatlar o`tkazilib, aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan rasmiy ogohlantirishlar berildi. Ammo olib borilayotgan tadbirlarga qaramasdan belgilangan tartibdagi soliq va to`lovlarni o`z vaqtida to`lamay kelayotgan tadbirkorlik subektlariga nisbatan jiddiy choralar ko`rishga ham to`g`ri kelmoqda.
Xususan, tumanda 37 ta fermer xo`jaligining 923,7 million so`m miqdoridagi soliq qarzi hisobidan mol-mulkni xatlash tadbirlari o`tkazilib, ulardan 17 tasining 104,5 million so`m miqdoridagi soliq qarzi davlat byudjetiga undirildi.
– Fermerlar qishloq xo`jaligi tarmog`ining muhim bo`g`ini sifatida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz tomonidan ularni yanada rivojlantirish yuzasidan barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi Quyichirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi bo`lim boshlig`i D.Ortiqboev. – Lekin, soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlashga, davlat va mahalliy byudjetga zarar keltirishga hech kimning haqqi yo`q. Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 120-moddasida soliq to`lovining belgilangan muddati o`tkazib yuborilsa, penya hisoblanishi, soliq qarzi majburiy tartibda sud hujjatlari asosida davlat ijrochilari tomonidan undirib olinishi belgilab qo`yilgan. Tekshirishlar davomida soliqlarni o`z vaqtida to`lamagan fermerlarga nisbatan ana shunday chorani qo`llashga ham sabab bo`lmoqda.
Darhaqiqat, tumanda o`tkazilgan tadbirlar davomida “Beruniy” mahalla fuqarolar yig`ini hududida joylashgan “Mamat” fermer xo`jaligidan 9 million, “Matqayum” fermer xo`jaligidan esa 10 million so`m miqdoridagi soliq qarzi davlat byudjetiga undirildi. Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan 584,5 million so`m soliq qarzi mavjud bo`lgan 20 nafar fermerning mol-mulki, jumladan, transport vositalari, qishloq xo`jalik texnikalari xatlandi.
Shuningdek, qarzdorligini so`ndirmay kelayotgan “Qahramon Begali” va “G`ofur” fermer xo`jaliklarining “Lada”, “Damas” rusumli avtomobili, “Bozorov Baxtiyor” va “Gulhayo agro fayz” fermer xo`jaliklariga tegishli bo`lgan “MTZ-80” traktori xatlovdan o`tkazildi.
Qonun va me`yoriy-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan tartib va qoidalar barchaga barobar. Shunday ekan, yuqoridagi holatlar barchaga saboq bo`lishi lozim.






