AsosiyJamiyat

​OROL BALIQLARIDAN 112 TUR BALIQ TAOMLARI TAYYoRLANDI (FOTO)

'​OROL BALIQLARIDAN 112 TUR BALIQ TAOMLARI TAYYoRLANDI (FOTO)'ning rasmi

Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Orol va Mo`ynoqning qayta tiklanishi” mavzusida Xalqaro Ekofestival doirasida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” Gastronomik Festivali bo`lib o`tdi. «Ko`ksuv ko`li» bo`yida baliqchilar tutgan baliqlardan, viloyatdan kelgan va mahalliy oshpazlarimizdan jami 71 tasi taom tayyorlashga kirishib ketishdi.

Ko`l bo`yida tikilgan qora uylarda Qoraqalpog`iston Respublikasining har bir tumanidan kelgan madaniyat hodimlari barchaga diltortar kuy-qo`shiqlarini, baxshi-jirovlar qoraqalpoq xalq dostonlaridan parchalar ijro etib, ko`l bo`yida qayiqlarda sayr qilayotgan odamlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. Festivalning ochilish marosimida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Qo`mita raisi D.Qurbaniyozov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o`rinbosari M.Jumanov, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o`rinbosari K.Akilova, O`zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi o`rinbosari H.Nazarov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Nuroniy jamg`armasi raisi Sh.Usnatdinov, akademik J.Bozorboev va tuman hokimi S.Doniyorovlar so`zga chiqib, barchani Mo`ynoqda o`tkazilayotgan bayram bilan chin dildan muborakbod etishdi.

Ta`kidlanganidek, «Orol baliqlaridan 99 turdagi taom» gastronomik festivali, «Orol va Mo`ynoqning qayta tiklanishi» ekofestivali va xalq shoirlari Berdaq va Ajiniyozning ijodiga bag`ishlangan xalqaro she`riy-musiqiy festivalning aynan Mo`ynoq tumanida o`tkazilishi ham bejizga emas. Bunda o`lkani yurtimizning turizm markazlaridan biriga aylantirish va ayniqsa, tuman aholisining bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlarini yaratish kabi ko`plab ezgu maqsadlar jamlangan.

Festivalga dunyoning 9 ta davlatidan (Qozog`iston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Amerika va Angliya) 30 dan ortiq sayyohlar, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardan 18 mehmonxona va 6 turizm kompaniyasi ishtirok etishdi.

Chindan ham, «Orol baliqlaridan 99 turdagi taom» xalqaro gastronomik festivali bizning oshpazlarimizning nechog`lik mohir ekanligini isbotladi. Buni qarangki, oshpazlarimiz baliqdan 112 xil taom tayyorlashdi. Mo`ynoq tumani oshpazlari esa 78 ta baliqli taom tayyorlagan bo`lsa, shundan 37 tasi qadimiy taomlardir.

—Bilasizmi, baliqdan har xil toamlar tayyorlasa bo`ladi. Biz bugun baliqdan manti, borek, jugeri gurtik, kotlet, dimlama, kabob, no`xot sho`rva, chuchvara va boshqa taomlarni tayyorlayapmiz, —deydi mo`ynoqlik oshpaz Gulbahor Utekeeva.

Festival ishtirokchilari va mehmonlar oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan 112 ta totli taomlardan tanovvul qilib, «Orol va Mo`ynoqning qayta tiklanishi» xalqaro ekofestivali tomon yo`l olishdi, deb yozadi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati.

    Boshqa yangiliklar