AsosiyJamiyat

Jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” IX milliy mukofoti e`lon qilindi

Ma`lumki, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozisiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida har yili “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o`tkazadi.
 
Bu yil ham mazkur mukofot to`qqizinchi marotaba o`z egalariga topshiriladi.
 
3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga  bag`ishlangan bu tanlovga 2013 yilning 31 martidan 2014 yilning 31 martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televidenieda ko`rsatilgan va internet nashrlarida berilgan materiallar 2014 yilning 10 apreligacha qabul qilinadi.
         
Tanlov g`oliblari uchun quyidagi mukofotlar  ta`sis etilgan:
 
Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot. G`olib maxsus diplom, “Oltinqalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va O`zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
 
Asosiy mukofotlar:
 
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televidenie – 1-, 2-, 3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-,  2-,  3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma OAV – 1-, 2-,  3-o`rinlar);
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (internet-jurnalistika – 1-, 2-,  3-o`rinlar).
 
Birinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va  eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Ikkinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va  eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Uchinchi o`rinni olgan g`oliblar diplom, “Oltin qalam” ko`krak nishoni, statuetkasi va  eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
 
“Oltin qalam” tanlovi g`oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o`tkazish bilan bog`liq sarf-xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko`magida amalga oshiriladi.
 
Shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning O`zbekistondagi vakolatxonalari va respublikamizdagi jamoat tashkilotlari ham o`z  rag`batlantiruvchi mukofotlarini ta`sis etgan.
 
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda internet nashrlarida e`lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo`lmasligi kerak).
 
Televidenie bo`yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko`rinishda bo`lishidan qat`i  nazar, 3 minutdan 30 minutgacha bo`lishi kerak.
 
Radioeshittirishlar (audiokasseta yoki sistemali disk) 5 minutdan 30 minutgacha bo`lishi kerak.
 
Matbuot va internet materiallari asl nusxada yoki ko`chirma nusxada taqdim etilishi lozim.
 
Tanlovga yuborilgan materiallarga  quyidagilar ilova qilinishi lozim:
 
-        muallifning ismi-sharifi, professionalfaoliyati to`g`risida qisqacha ma`lumot;
-        muallifning turar joyi, uy va ishtelefonlari;
-        pasport nusxasi.
        
Tanlov g`oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2014 yil 2 mayda  – Jahon matbuoti erkinligi kuni arafasida “Turkiston” saroyida o`tkaziladi.
         
Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.
        
 
 

    Boshqa yangiliklar