Bu haqda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Sanoatda muhim ahamiyat kasb etuvchi qora va rangli metallning parchalari, chiqindilari ham vaqt o`tsa-da o`z qiymatini yo`qotmaydi. Amaldagi tartiblarga muvofiq rangli metallar parchalari va chiqindilarini O`zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish taqiqlanadi.
Shunga qaramay, tarkibida rangli metallar bo`lgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bog`liq huquqbuzarlik faktlari, rangli metall parchalari va chiqindilarini yashirincha tayyorlash, yashirincha qabul qilish punktlarini tashkil etish, rangli metall va ularning parchalarining noqonuniy aylanuvi hamda ularni mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketishga qaratilgan harakatlar uchrab turibdi.
Jumladan, Jizzax viloyati bojxonachilari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida ana shunday urinishlardan birini bartaraf etishdi. Jizzax viloyati G`allaorol tumanidagi M-39 avtomagistral yo`lida harakatlanayotgan “Isuzu” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasida shampunlar ortiga yashirilgan 1186 kg. latun rangli metall parchalari olib ketilayotganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.






