AsosiyJamiyat

​JORIY YILNING 9 OYIDA O`ZBEKISTONNING YaLPI IChKI MAHSULOTI 5,3 FOIZGA O`SDI

'​JORIY YILNING 9 OYIDA O`ZBEKISTONNING YaLPI IChKI MAHSULOTI 5,3 FOIZGA O`SDI'ning rasmi
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining a`zolari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotning ko`rib chiqilishi davomida ana shunday raqamlar ma`lum qilindi.

Muhokamalar jarayonida ta`kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish va bunga mas`ul idoralar faoliyatini tarkibiy o`zgartirishlar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatimiz tomonidan olib borilgan islohotlar ijrosi 2017 yilning 9 oyi davomida iqtisodiyotni barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlantirishni va iqtisodiy o`sishning yuqori sur`atlarini ta`minladi.

Joriy yilning 9 oyi davomida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga, sanoat hajmi – 4,1 foizga, qishloq xo`jaligi xajmi – 3,5 foizga, xizmatlar hajmi – 6,4 foizga, qurilish xajmi – 5,3 foizga o`sdi.

Deputatlar mamlakatimizda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish, jumladan o`zbek so`mi barqarorligini mustahkamlashning yangi mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifa ekanligidan kelib chiqib, Prezidentimizning 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonini qabul qilinishi, avvalo, amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilishni, valyuta siyosatini liberallashtirishni, shuningdek barcha tadbirkorlik sub`ektiga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratilishini ta`minlamoqda.

Hisobotda qayd etilganidek, joriy yilning o`tgan 9 oyida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, mikrofirma va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari 105,6 foizga o`sdi. Bu esa o`z navbatida ular tomonidan to`lanadigan yagona soliq to`lovi miqdorining oshishiga zamin yaratdi.

Shuningdek, fraksiya a`zolari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Investisiya dasturi to`g`risida”gi qaroriga asosan Davlat byudjetining markazlashgan investisiyalar mablag`lari hisobidan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yo`l-transport, muhandislik kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish ishlariga joriy yilning o`tgan to`qqiz oyi mobaynida 2 450,0 mlrd. so`m mablag`lar ajratilganiga e`tibor qaratishdi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotda qishloq xo`jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasi ham fraksiya a`zolarining e`tiboridan chetda qolmadi. Hisobotda mamlakatimiz bu borada ulkan patensialga ega ekanligi bugungi kunda ushbu sohada 3,6 milliondan ortiq ishchi va xizmatchilar mehnat qilayotgani ta`kidlandi. Shuningdek, qishloq xo`jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 17,2 foizni va yillik o`sish esa 6-7 foizni tashkil etadi.

Iste`mol tovarlari sohasida amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan 63 ta loyiha hisobiga har yili 140,7 ming tonna meva-sabzavot va 10,2 ming tonna go`sht-sut mahsulotlarini qayta ishlanishi ta`minlanadi.

Tayyor to`qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga 32 mln. AQSh dollari miqdorida investisiyalar jalb qilinib, 3 ta yangi va modernizasiya qilingan zamonaviy engil sanoat korxonalari ishga tushirildi va ularda 1000 dan ortiq yangi ish o`rinlari yaratildi.

Fuqarolarning shaxsiy yordamchi xo`jaliklarida qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish, qoramol, qo`y, quyon boqish va go`sht etishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish loyihalari doirasida 285 400 ta ish o`rinlari yaratilganligi deputatlarni befarq qoldirmadi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkor va fermerlar erkinligini ta`minlash uchun nafaqat iqtisodiy, balki, tashkiliy, huquqiy sharoit va kafolatlar ko`lami kengayib, mazkur qatlam faoliyatining har tomonlama rag`batlantirilishdagi mavjud to`siqlar bartaraf etilayotganidan dalolatdir.

Qizg`in bahs-munozaralarga boy bo`lgan yig`ilish yakunida O`zLiDeP fraksiyasi a`zolari O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ma`qulladilar.

    Boshqa yangiliklar