AsosiyJamiyat

300 GA YaQIN IShSIZ ISh BILAN TA`MINLANDI

'300 GA YaQIN IShSIZ ISh BILAN TA`MINLANDI'ning rasmi

Buxoro viloyati Kogon tumanida maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodining dastlabki saralash korxonasi ish boshladi. Natijada 300 ga yaqin ish o`rni yaratiladi.

Korxonaga tumandagi foydalanilmay yotgan bo`sh bino va inshootlar investisiya kiritish majburiyati bilan "nol" qiymatda berildi. Shartnomaga ko`ra, 1,6 milliard so`m mablag` sarflanib, yordamchi binolar ta`mirlandi, 5,5 milliard so`mlik investisiya kiritilib, zavodning asosiy ishlab chiqarish binolari qurildi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki viloyat filiali tomonidan ajratilgan 970 ming dollar miqdoridagi kredit hisobiga loyihaning birinchi bosqichi nihoyasiga etkazildi. Bu erda Xitoyda ishlab chiqarilgan chiqindilarni saralash liniyasi o`rnatildi.
– Zavodimizning chiqindilarni saralash korxonasida konveyer asosida dastlab og`ir jismlar – metall, tosh va shisha, so`ngra yaroqsiz rezina va avtoshinalar, yog`och-taxta bo`laklari, qipiqlari, shox-shabba va xazon, makulatura, qurilish chiqindilari, plastmassa idishlar, yaroqsiz va qiyqim matolar saralanadi, – deydi sex boshlig`i Eson Latipov. – Liniya bir kecha-kunduzda 450 tonnagacha chiqindini qabul qilish quvvatiga ega. Barcha jarayonlar to`liq va yarim to`liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Loyiha asosida 40 ish o`rni yaratildi.

—Loyihaning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ekologik ahamiyati katta. U Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlarida hosil bo`ladigan turli maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali mazkur hududlardagi atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Korxonaning 50 dan ziyod yuk transporti, shuningdek, yuklagich ekskavatorlari va boshqa texnika vositalaridan iborat transport bo`linmasi bor.
Ayni paytda korxonada loyihaning ikkinchi navbatini ishga tushirish ishlari jadal davom etmoqda. Bu erda Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida chiqindilarni qayta ishlash liniyasi barpo etilmoqda.

— Loyihamizning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki viloyat filiali tomonidan 3 million 920 ming dollar miqdorida ajratilgan kreditga xorijdan bosqichma-bosqich zamonaviy qayta ishlash texnologik uskunalari keltirib o`rnatilmoqda, – deydi “Aholitrans” mas`uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori Suhrob Kenjaev. – Montaj va sozlash ishlari yakunlanmoqda. Chiqindilardan isitish qozonxonalarida foydalaniladigan muqobil piroliz yoqilg`isi, briket, sintetik tola, qog`oz karton, to`qimachilik matosi, pishgan g`isht, biogumus va boshqa mahsulotlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi. Natijada yana 300 ga yaqin ish o`rni yaratiladi.

    Boshqa yangiliklar