Kolbasa mahsulotlarini sevib tanovul qilasizmi? Unda sizga kolbasa va sosiskaning o`rtacha uzunligi atigi bir necha o`n santimetr bo`lishi juda yaxshi ma`lum. Xorvatiyalik oshpazlar umumiy uzunligi 500 metrga etadigan sosiska tayyorlashdi. Buning uchun ularga 400 kg. go`sht, 10 kg. tuz, 4 kg. sarimsoq va sosiska uchun yarim kilometr o`ram kerak bo`ldi. Uni yaxshilab qovurish uchun esa markaziy maydonga ulkan grill o`rnatildi.
Tayyor bo`lgan ulkan sosiska bemalol 3 mingga yaqin insonning qornini to`ydira oladi. U bugunga qadar tayyorlangan dunyodagi eng uzun sosiska sifatida “Ginnessning rekordlar kitobi”dan o`rin egalladi.
Xorvatlar shu natija bilan kifoyalanishadi, deb o`ylayapsizmi? Yo`q, albatta. Tashkilotchilar kelasi yilda ham yana bir xuddi shunday aksiya o`tkazishni rejalashtirishmoqda. Agar hammasi risoladagidek kechsa, bu safar sosiskaning uzunligi roppa-rosa bir km.ni tashkil etishi kerak.