1

Madad-shifo: “QIZIL NEVUS NIMA DEGANI?”

Salomatlik 06.11.2017, 11:17
Madad-shifo: “QIZIL NEVUS NIMA DEGANI?”

— 17 yoshli qizimning bo`yin sohasida qizil rangli mayda xol paydo bo`la boshladi. Ahamiyat bersam, xollar ko`paygan. Qiziq, bu balog`at davriga xos o`zgarishlar alomatimi yoki biror kasallikmi? Xol nega qizil rangda?

Gulzoda Akromova, Toshkent shahri

Rustam ZOKIROV, shifokor-dermatovenerolog:

— Qizil nevus yoki angioma asosan teri rangi ochroq ko`rinishda bo`lgan insonlarda kuzatiladi. Bunday hollar bezarar, ammo rangi, miqdori va holatining o`zgarishini muntazam nazorat qilib borish lozim. Qizil xollarning paydo bo`lish sababi dastlab jigar faoliyatiga bog`liq, deyiladi.

Oshqozon-ichaklarda toksin moddalarning yig`ilishi ham nevuslarni keltirib chiqaradi. Mayda qon-tomirlaridagi o`zgarishlar ham qizil xollarni yuzaga keltiruvchi omildir. Nevuslar 1-4 mm., kattalikda bo`lib, qo`ltiqosti, oyoq kafti, ko`krak atrofi, kurak, oyoq-qo`llarga toshadi. Yuz, bo`yin va tananing ochiq joylarida paydo bo`ladigan shakli quyoshningultrabinafsha nurlari ta`sirida yuzaga kelishi mumkin.

Diqqat qiling, agar xollar 6 mm.dan katta bo`lib, yuzasi egri-bugri ko`rinishda bo`lsa, shifokor ko`rigini kechiktirmaslik darkor.

Qizil nevuslarning tugunli, g`urracha, shox va silliq turlari mavjud. xollar biror bezovtalikni keltirib chiqarmasa, tibbiy aralashuv talab qilinmaydi. Mabodo xol teridan ajralib chiqib, bazo`r ilinib turgandek ko`rinsa, atrofida shish, qizarish bo`lsa, yoxud qonay boshlasa, albatta shifokor ko`rigi zarur.

Mustaqil ravishda xollarni kuydirish, turli vositalar bilan ishlov berish qat`iyan man etiladi. Farzandingiz tanasidagi qizil xollardan xavotiringiz bo`lsa, dermatovenerolog ko`rigiga olib boring. Shifokor bir qancha tibbiy tekshiruvlarni o`tkazib, lazer nuri yordamida bajariladigan muolajalardan birini amalga oshiradi. Bunda teri butunligi buzilmaydi, amaliyotdan so`ng hech qanday izi ham qolmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1