AsosiyJamiyat

​JIZZAXDA ShAROF RAShIDOV HAYKALI OChILDI

'​JIZZAXDA ShAROF RAShIDOV HAYKALI OChILDI'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to`g`risida»gi qarorida Jizzax shahrida uning xotirasiga bag`ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini o`rnatish belgilangan edi. Qisqa vaqtda shahar markazida mazkur majmua va haykal bunyod etildi.

Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi doirasida ushbu haykalning ochilish marosimi bo`ldi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a`zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va san`at namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Sharof Rashidovning farzandlari, do`stlari, hamkasblari, shogirdlari va boshqa yaqinlari qatnashdi.

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

Davlatimiz rahbari Sharof Rashidovning xalqimiz manfaatlari yo`lidagi ulkan xizmatlari haqida so`zladi.

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqani, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obro`-e`tibor qozongani, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilganini ta`kidladi.

Sharof Rashidov umr bo`yi o`z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug` maqsadlar yo`lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi, deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev. Bu olijanob, donishmand va bag`rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo`lmasin, yuksak gumanistik g`oyalarga doimo sodiq bo`lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so`nmas xotira qoldirdi.

Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o`zi butun borlig`i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi. U o`zining betakror iste`dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she`r va dostonlar, publisistik maqolalar yaratdi, dedi Prezidentimiz.

Tadbirda O`zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov, mehnat faxriysi Ismoil Jo`rabekov, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov, mehnat faxriysi Qallibek Kamalov, Sharof Rashidovning qizi, akademik Sayyora Rashidova va boshqalar Sharof Rashidov bilan bog`liq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida so`zladi.

Sharof Rashidov haykalini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochdi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo`yildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar