Yoshim 54 yoshda. O`n yildan beri mastopatiya kasalligi bilan og`riyman. Bu haqda ko`p izlanganman, kasallikka olib keluvchi omillar – abort, asabiylashish, kichik tos a`zosidagi yallig`lanishlarning bari menda bor. Lekin bu haqda muxlislarga atroflicha ma`lumot berishingizni so`rardim. Toki men kabi kasallikni o`tkazib yuborib, yillar davomida uni davolashga qiynalib yurishmasin.
Salima aya, Toshkent shahri
«Hamma kasalliklar asabdan», bu gapni goh jiddiy, goh hazilomuz tarzda hayotda ko`p takrorlaymiz. Haqiqatning achchiqligi bizga ta`sir qilmaydi, har holda asabiylashishda davom etaveramiz. Stress, tushkunlik davomiy bo`lsa, tanamizdagi gormonlar ishi buzilib, immunitet pasayadi, barcha a`zo-to`qimalar noto`g`ri ishlay boshlaydi. Stressga ayollarda ko`krak sohasi ta`sirchan bo`ladi. Agar bunga jinsiy a`zolardagi shamollash yoxud abort asoratlari qo`shilsa, kutilmaganda ko`krakda yallig`lanish boshlanib, mastopatiya nomli yoqimsiz dardni orttirib olishingiz mumkin. Ushbu kasallik haqidagi savolga shifokor-mammolog Nigora Mahmudova javob beradi.
KASALLIK NIMA O`ZI?
Mastopatiya deb sut bezi to`qimasining kengayib o`sib ketishiga aytiladi. Avvaliga kasallikning tarqoq turi yuzaga keladi. Bunda ko`krak sohasida mayda shishchalar paydo bo`lib, ko`krak bo`ylab u yoq bu yoqqa tarqaladi. Bunday paytda ayol hayz kelishidan avval ko`krak sohasida og`riq sezadi. Lekin ko`krakdan hech qanday suyuqlik oqmaydi. Aslida, shu davr davolanish uchun eng qulay hisoblanadi. Chunki kasallik endi-endi kurtak ochayotgan bo`ladi. Shifokorga borib, davoni boshlasangiz, tez fursat ichida shifo topishingiz aniq. Afsuski, bu davrda kamdan-kam ayollar shifokorga murojaat qilishadi. Davolanmadingizmi? Vaqt o`tib, ko`krakda kasallikning tugunli shakli rivojlanadi. Endilikda sut bezida yirik, paypaslaganda bo`rtib chiqadigan tugunlar paydo bo`ladi, ko`krakdagi og`riq kuchayadi, ko`krak uchlaridan qontalash yoki tiniq suyuqlik yoki sutsimon suv oqadi. Bunday paytda vaqtni boy berib bo`lmaydi, axir mastopatiya belgilari aniq-ravshan namoyon bo`ladi-da.
NIMADAN BOShLANADI?
Ayol o`z salomatligiga etarlicha e`tibor bermay, jinsiy a`zolardagi shamollashni vaqtida davolamasa, tuxumdonlarda muammo bo`lsa, buyrak usti bezlari yaxshi ishlamasa, ketma-ket abort, tug`ruqdan keyin mastit kasali bilan og`risa, ayolning o`zi haddan ziyod kuyunchak va jizzaki bo`lsa, ko`p ishlab ruhan va jismonan zo`riqsa, kasallikka moyilligi bo`ladi. Bu erda ayolning hayotga bo`lgan qarashi muhim. Agar u pessimistik nazar bilan dunyoga boqsa, hayotdan yaxshilik, omad va baxt kutmasa, ularga erishish uchun xushkayfiyat bilan qurollanmasa, kasallikka engilishi aniq.
Ayolning jinsiy tarafdan qoniqmasligi ham mazkur kasallikka olib keladi. Doimiy jinsiy hayot nafaqat barcha a`zolar faoliyati uchun muhim, balki organizmning infeksiyalarga qarshi kurashishini ham oshiradi, kayfiyatni ko`taradi va hayotdan qoniqish hissini beradi. Aksi bo`lganda esa tuxumdonlar ishdan chiqadi, hayz muddati buziladi, gormonlar etarlicha ishlab chiqilmay, ko`krakda har xil o`smalar paydo bo`ladi. Abort ta`sirida organizmda tartibsizlik yuzaga keladi, gormonlar noto`g`ri ishlay boshlaydi. Natija esa qoniqarsiz, mastopatiya yuz beradi. Tug`ruqning og`ir kechishi, kech tug`ish ham kasallikka zamin yaratadi. Buqoq kasali, jigar xastalanishi, ko`krakka shikast etishi ham mastopatiyaga olib kelishi mumkin. Bu borada irsiyat ham muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ortiqcha vazn ham kasallikning rivojlanishiga turtki bo`lishi mumkin. Axir bu holatda moddalar almashinuvi sekinlashadi, natijada ko`krakda har xil o`zgarishlar yuz beradi. Ko`rib turganingizdek, omillar talaygina, ulardan birontasi sizda sezilsa, yaxshisi, ginekolog ko`rigidan o`tib, har ehtimolga qarshi, mammografiya tekshiruvi bajarilishi lozim.
NIMASI BILAN XAVFLI?
Afsuski, tashhisni eshitgan ayollar bunga jiddiy qaramaydi. 1- 2 marta davo choralarini qo`llagan bo`lib, keyin shifokor huzuriga yo`lni ham esdan chiqarishadi. Lekin sizni bu borada ogoh bo`lishga chaqirishimiz bizning burchimiz: kasallikni davolashga astoydil kirishib, shifokorning ko`rsatmalariga amal qilsangiz, tuzalishingiz juda oson. Ammo beparvolik qilib, hatto dori-darmonlarni ham bir qabul qilib, bir paysalga solsangiz, kasallik zo`rayishi mumkin. Hatto, og`riq belgilari qiynamasa-da, hech qachon o`z-o`zidan o`tib ketmaydi. Uni, albatta, izchillik bilan davolash, tuzalgandan keyin ham har oyda mammolog ko`rigidan o`tib turish shart.
MAMMOGRAFIYa
Asosiysi, kasallikning davrini o`tkazib yubormaslik. Dori-darmonlar buyurishdan avval, shifokor sut bezlarining ultratovush tekshiruvi va mammografiyadan o`tishingizni so`raydi. Ayniqsa, so`nggi tekshiruv usulini ayollar uncha yoqtirmaydi. Lekin rentgen tekshiruvining bu usuli nihoyatda zarur. Aslida, har bir ayol 35 yoshdan keyin, albatta, ushbu tekshiruvdan o`tishi kerak. 40 yoshdan keyin uni ikki yilda bir marta, 50 yoshdan keyin har yili amalga oshiriladi. Muolaja oldidan xushbo`y dezodarant va ter hidiga qarshi antiperspirantlardan foydalanmaslik kerak. Aks holda, tekshiruv natijasi xato chiqishi mumkin.
O`ZIMIZNI TEKShIRAMIZ
Kasallik profilaktikasi unchalik murakkab emas. Avvalo, tibbiy ko`rikdan har olti oy o`tib, salomatlikka beparvo bo`lmaslik kerak. Sog`lom turmush tarziga rioya qilgan har bir ayol kasallikdan saqlandi, hisob. Ammo mastopatiyadan himoyalanishda asosiy qurolingiz o`z-o`zingizni tekshirish bo`ladi. Buni hayz boshlanishidan 1-kun oldin, doim bir xil sanada amalga oshirishga o`rganing. Ichki kiyimni echib, oyna yoniga turing. Ikki ko`krakni diqqat bilan ko`zdan kechiring, teri silliq, shish va izlarsiz, ko`krak uchi ichga tortilmagan bo`lishi kerak. Єo`lni ko`tarib avval o`ng, keyin chap ko`krak atrofini qo`l bilan paypaslab chiqing, qo`ltiq ostini ham unutmang. Ko`krak uchlarida hech qanday shish, yara, yoriq bo`lmasligi uni siqqanda ichidan suyuqlik oqmasligi muhim. Agar biron bir o`zgarish sezsangiz zudlik bilan shifokorga huzuriga boring. Bu kasallikni davolashda vaqtning tejalishi, ya`ni uni boy bermaslik juda muhim.
DAVOSI HAMMADA HAR XIL
Shifokor har bir bemorga alohida davo chorasini belgilaydi. Axir har bir odamda kasallikka olib kelgan sabablar turlicha bo`ladi. Agar tekshiruvlar sizda yallig`lanish borligini bildirsa, unga qarshi davo choralar boshlanadi. Osma ukol, antibiotiklar, fizioterapiya muolajalari orqali shamollash bartaraf etilgach, mastopatiyaning so`rilishiga yordam beruvchi gormonal dorilarga navbat keladi. Ular ham har bir bemorning yoshi, ahvoli, kasallikning kechishiga qarab belgilanadi. Yordamchi usul tariqasida asablarni tinchlantiruvchi vositalar, tanada qon aylanishi va moddalar almashinuvini tezlashtiruvchi dori-darmonlar berib boriladi.
! Unutmang, bu kasallikni har xil xalqona usullar bilan davolash dargumon. Yaxshisi, shifokor buyurgan davo choralariga qat`iy rioya qilish kerak.
PARHEZ MUHIM!
Davolanish paytida hazmi qiyin bo`lgan taomlar, tuzlama va achchiq sous-salatlarni cheklashga to`g`ri keladi. Ayniqsa tarkibida kofein bo`lgan achchiq damlangan choy, qahva, shokolad, koka-kola kabilarni taomnomadan chiqaring. Imkon qadar tuzi past taomlar iste`mol qiling, saunaga bormang. Davolanish paytida vitamin va minerallarga boy mahsulotlar iste`mol qilishingiz kerak. Ular sirasiga – xom meva-sabzavotlar (shotut, anor, sitruslilar, sabzi, karam, loviya, ko`katlar), har xil yormalar, bodom, xandon pista, yong`oq kabi chaq-chuqlar va albatta na`matak va zirk mevasini kiritishingiz kerak.
KERAKLI TAVSIYaLAR
- Siynaband tanlashda uning yumshoqligiga ahamiyat bering, ko`krakni siqib turuvchi har xil vositalari bo`lmasligi kerak.
- Uyquga ketish vaqti kechki soat 21:00 dan kech bo`lmasligiga ahamiyat bering. Uyqu 8-9 soat davom etishi maqsadga muvofiq.
- Ruhiy va jismonan zo`riqishdan saqlaning.
- Ochiq havoda kamida 1,5-2 soat har kuni aylanishga harakat qiling.
- Har haftada 1-2 kun faqat qatiq yoki sut zardobi, tvorog yohud meva eb organizmni tozalab turish zarur.
- Ovqatni iliq holda eyishga odatlaning.
- Doimiy jinsiy hayot bo`lishiga ahamiyat bering.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi