O`ZBEKISTONDA GO`ShT NARXINING KO`TARILIB KETIShIGA NIMA SABAB BO`LDI?
O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida «Investisiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash — O`zbekistonda jadal iqtisodiy o`sishni ta`minlashning muhim sharti» mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qilgan.
Tadbirda o`z ma`ruzasi bilan ishtirok etgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktoranti Muhiddin Yusupov bozorlarda go`sht narxining ko`tarilib ketishiga ta`sir ko`rsatgan sabablar haqida ham to`xtalib o`tdi.
“Ko`rib turibsizlar, lahm go`shtning narxi 40 ming so`mgacha, suyaklisi esa 34 minggacha ko`tarilib ketdi. Bu masala juda ham ko`p muhokama qilinmoqda. Nega shunday holat yuz berdi? Birinchi navbatda, bizda ozuqa ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketgan - 2005 yilga nisbatan 2016 yilga kelib. Sobiq Ittifoq davrida, 1990 yilda jami ekin maydonlarining 24,8 foiziga ozuqa ekinlari ekilgan ekan. Hozir, shu kecha-kunduzda esa 9 foizga ham etmaydi. Ikkinchidan, bizda go`sht, sut etishtirishni dehqon xo`jaliklariga berib qo`ydik. Shularning o`zi barcha mahsulotning 95 foizini beryapti. Lekin shu 95 foizni berayotgan shaxsiy tomorqa xo`jaliklarini qo`llab-quvvatlash uchun shu paytgacha nimalar qildik, degan savolni ham o`rtaga tashlash kerak. Ularni na yoqilg`i-moylash materiallari bilan ta`minlaymiz, na bir o`g`it ta`minlash bor, na ularning tuzukroq chorva etishtirishi uchun er ajratib berish masalasini ham hal qilib berayotganimiz yo`q”, - degan Muhiddin Yusupov.






