TOShKENTDA «ShAROF RAShIDOVNING O`ZBEKISTON TARIXIDA TUTGAN O`RNI» MAVZUIDA ILMIY ANJUMAN O`TKAZILDI. Unda taniqli olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chet ellik mehmonlar, shoir-yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo`ldoshev ochib berdi.
Sharof Rashidov salkam chorak asr O`zbekistonga rahbarlik qildi. Uning ca`y-harakatlari bilan yurtimiz iqtisodiyot, ilm-fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat va san`at sohalarida yutuqlarni qo`lga kiritdi. Minglab gektar cho`l va qo`riq erlar o`zlashtirildi. Yangi shahar va qishloqlar,bog`u rog`lar, zavod va fabrikalar barpo etildi. Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib Toshkentda metropoliten qurildi.
Sharof Rashidov, shuningdek, o`zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo`shgan zabardast yozuvchi va shoir edi. Xususan, ijodkorning yurtga muhabbat, do`stlik va sadoqat kabi insoniy fazilatlar yuksak badiiy mahorat bilan ifodalangan “Kashmir qo`shig`i”, “Ikki dil dostoni” asarlari jahonning 56 tiliga tarjima qilingan.
Konferensiyada O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari O.Salimov, I.Iskandarov, B.Nazarov, A.Asqarov, taniqli olim I.Kuzmin, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, tarix fanlari doktori Q.Rajabov, Sharof Rashidov haqidagi qator kitoblar muallifi, yozuvchi F.Razzoqov va boshqalar shular haqida so`zlab, xalqimizning sodiq farzandi haqidagi xotiralar bilan o`rtoqlashdi.
Shu kunlarda ta`lim muassasalari, mahallalarda, davlat va jamoat tashkilotlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, xotira kechalari bo`lib o`tmoqda. Jizzax shahrida uning haykali ochildi. «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli kitob, tanlangan asarlari to`plami nashr etildi, hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan shu kabi ezgu ishlar xalqimizning atoqli farzandi xotirasiga ko`rsatilgan ehtiromning oliy darajasi ekanligi anjumanda alohida ta`kidlandi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Yunusxodjaev ishtirok etdi.






