SAUDIYa ARABISTONI – O`ZBEKISTON PARLAMENTLARARO DO`STLIK QO`MITASI RAISI O`RINBOSARI AHMAD BIN MUHAMMAD AL-HOMIDIY BOShChILIGIDAGI DELEGASIYa UChRAShUVLAR O`TKAZDI.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o`tgan muloqot chog`ida O`zbekiston Saudiya Arabistoni Qirolligi bilan o`zaro munosabatlarni barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik yo`nalishida ham rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani ta`kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 21 may kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi mamlakatlarimiz o`rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib bergani qayd etildi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi hukumat portali.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida xorijiy mamlakatlar bilan o`zaro munosabatlarni kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari belgilab berilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida o`tgan uchrashuvda mehmonlarga Harakatlar strategiyasi asosida O`zbekistonda yangilangan ichki va tashqi siyosat olib borilayotgani, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, uning xalq bilan yaqinligini ta`minlash, parlamentning ijro hokimiyati ustidan nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar to`g`risida ma`lumot berildi.
Tadbirda parlamentlararo aloqalarning bugungi holati va ularni mustahkamlash, jumladan, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ham fikr almashildi.
Tomonlar parlament delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o`rtasidagi o`zaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Saudiya Arabistoni Qirolligi parlament delegasiyasi a`zolari O`zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizasiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rahbariyati bilan ham uchrashdi.






