17.02.2014 14:11
Sardor Rahimxon bo`lsang o`zingga!
Bachkanalikdan holi...
Parda ochilishi bilan tomoshabinlar chehrasini yorishishiga sabab bo`lgan ilk omil bu — to`rtta ekranni o`zida qamragan, o`ziga xos tarzda did bilan ishlangan dekorasiya bo`ldi. Sahna markazidagi qavat-qavat aylanalar ichida qad rostlagan “S” harfi konsert so`ngigacha muxlislar diqqat markazida bo`ldi. Boisi zaldagilarda dastur so`ngida aylanalar va “S” harfi chiroqlar yordamida yoritilib, o`zgacha ko`rinish kasb etsa kerak, degan fikr bor edi. Balki rejissyor ortiqcha bezakdan ko`ra, dasturning ko`ngildagidek sahnalashtirilishiga urg`u berishni afzal bilgandir.
Yiqilgudek bo`lsa bormi?..
“Ustozimiz Ozodbek Nazarbekov izidan borib, men ham qoraqalpoqcha qo`shiq kuyladim”, deya ta`kidlagan xonandaning tavakkali natijasi uzoq kuttirmadi. Chindan raqsbop qo`shiq! Raqqoslarning zavq bilan o`ynashi va gilamcha yozib, sherigini yuqoriga irg`itishi muxlislarga yanada kayfiyat baxsh eta oldi.
Alisher Uzoqov Rahimxonni dog`da qoldirdi!
Xonanda “Otajon” qo`shig`ini kuylab bo`lishi bilan kutilmaganda bir raqqosa sahnaga chiqib “Sardor Rahimxon bo`lsangiz o`zingizga! Menga umuman yoqmaysiz! “Pulini to`laganman”, deb faqatgina bizni o`ynatib, shu bo`y bilan raqs tushmaslikka uyalmaysizmi?” deb qoldi. Nima qilarini bilmay qolgan xonanda “Na qilay?” deya xorazmcha xonish qilib, raqs tushishga tarddudlangandi hamki chugurma kiygan “raqqos” sahnaga chiqib keldi. Qarabsizki, sahnada raqs bellashuvi boshlandi. Qo`shiq tugagach, raqsda taslim bo`lganini tan olgan Sardor Rahimxon “raqqos”ni tanishtirdi. U aktyor Alisher UZOQOV edi. Hech kim kutmagandi! Aktyorlik, xonandalik, rejissyorlik, taqlid san`ati, hatto futbolda ham o`zini sinab ko`rgan Uzoqov ilk bor katta sahnada xorazmchasiga xirom ayladi-da! Birinchi blokka xonandaning shogirdi Dilso`z bir juft qo`shig`i bilan yakun yasab berdi.
“Kimlardadir ertaklardagidek do`stbordir, lekin menda emas!”
2 blokning ikkinchi qo`shig`i bo`lgan “Do`st”ni kuylashdan avval Sardor Rahimxon achchiq haqiqatni ayta oldi! “Ota-onadan o`zga do`st bo`lmas ekan! Kimlardadir ertaklardagidek do`st bordir, lekin menda emas!” Birgina gitara yordamida jonli kuylangan va zaldagilar e`tirofiga sazovor bo`lgan va dildan chiqqan mazkur qo`shiq qaysi “do`st”iga javob tariqasida kuylanganini hamma payqadi, nazarimizda...
Rahimxonning hafsalasini pirqilgan Halima IBRAGIMOVA
Sardor Rahimxon “Navbat duet taronaga!” deganida, muxlislar odatdagidek biror ayol yo erkak xonanda sahnaga chiqsa kerak, degan xayolda edi. Biroq katta ekranda qiziqchi Halima Ibragimova va Rahimxonning oshxonada tushgan rasmlari namoyish etilgach, zal “portladi”! Haqiqatda kutilmagan duetdosh va kayfiyat ko`taruvchi hazil qo`shiq! Mana shu chiqish konsertning “kulminasiya”laridan biri bo`la oldi.
“Ona qizim”
Birinchi qatorda o`tirgan san`atkorlardan “Qizingizni nima deb ataysiz?” deya murojaat qilgan xonanda “Ona qizim” degan javobni oldi. Va shu nomdagi qo`shig`ini kuyladi. Bu qo`shiqni e`tiborga molik tomoni shundaki, katta ekranda ustoz san`atkorlar, taniqli ayol aktrisa, xonandalarning bolalikdagi va hozirgi rasmlari ko`rsatila boshlandi. Bu muxlislar qiziqishiga sabab bo`ldi. Qo`shiq oxirlaganida esa, xonandaning ikki qizi, rafiqasi bilan tushgan rasmlari ham namoyish etildi. Noodatiy va kutilmagan yondashuv!
Nasiba ABDULLAEVA VA Ozodbek NAZARBEKOVNI SIGANChASIGA O`YNATGAN Sardor RAHIMXON!
“Mayli” nomli qo`shiqqa raqqosalar qatori xonanda juda chiroyli raqsga tushdi. Kutilmaganda O`zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullaeva va Ozodbek Nazarbekov ham zavq bilan mazkur sigancha qo`shiqqa mazza qilib xirom aylashdi. “Eksklyuziv” raqs bo`ldi!
“Otamning hayotini saqlab qolish uchun bir umr san`atda ko`rinmasdim”
Rahimxonning hayotidan so`zlovchi ota haqidagi monologi va padari haqidagi “Bir jigaring yo`qotganingda...” nomli ta`sirchan qo`shig`i yig`ilganlar ko`zini yoshlatdi. Katta ekranda otasining oila davrasida tushgan rasmlari namoyish etilishi qo`shiqning ta`sir kuchini oshirdi. Xonandaning o`zi ham yum-yum yig`lagancha sahnani tark etdi...
Yangi repertuar bilan chiqsa bo`lardi!
Ikkinchi blokni yakunlab bergan “Xasan va Xusan” triosi chiqishlari eskiligi va bachkanaligi bilan muxlislarni biroz hafsalasini pir qildi. Rahimxonga bog`liq sahna ko`rinishlari esa yig`ilganlarga samimiy kulgu ulashdi.
Asal ShODIEVA Rahimxonning libosini yirtib yubordi...
“Yana manda, yana sanda” qo`shig`iga sahnada jonli klip namoyish etildi. Sardor Rahimxonning rolini “Bayon” guruhi yakkaxoni Ma`mur Sultonov ijro etdi. Aktrisa Asal Shodieva esa o`z rolida! Qo`shiq kuylash bilan ovvora bo`lgan xonandaga jaxl qilgan, Asal va Ma`mur bitta urinishda Rahimxonning kastyumini yirtib olishdi. Bu ham kutilmagan sahna ko`rinishlaridan biri edi.
Nasiba ABDULLAEVAning kutilmagan talabi...
“Qaysi qo`shiqni kuylab beray?” deya zaldagilarga murojaat qilgan xonanda fan-klub a`zolaridan “Bombey” degan javobni oldi. Biroq Nasiba Abdullaeva qarshi chiqib, “Vatan” nomli qo`shig`ini kuylashini talab qildi. Ikki tomonning xurmati uchun ikkala qo`shiq ham ketma-ket jarang sochdi. Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz, Doston Ubaydullaev, Davron Ergashev hatto Abdurashid Yo`ldoshev ham raqsga tushishdi.
Xulosa: Rahimxonning ushbu konsert dasturi to`rt yillik tanaffusni oqladi, desak yanglishmaymiz. Kutilmagan duet, sahna ko`rinishlari, eski an`analar noodatiy yondashuvlarga boy bo`ldi. Dastur avvalida xonanda ta`kidlaganidek, muxlislar avtobiografik konsertdan baxramand bo`lishdi.
FAKT va raqamlar:
· Dasturda jami 22ta qo`shiq kuylangan bo`lib, ulardan 12tasi yangi.
· Konsertda raqqosalar Iroda Ismoilova, Parizoda, Zarina Ahmedova va“Sabo” raqs ansambli, “Asal” bolalar raqs guruhi go`zal raqslari bilan ishtirok etishdi.
· O`zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullaeva, Ozodbek Nazarbekov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Alisher Fayz, Abdurashid Yo`ldoshev va Doston Ubaydullaev, Davron Ergashev, Munisa, Ziyoda Qobilova, “ELDIDO” guruhi, Umidaxon, aktrisa Shahzoda Muhammedova kabi bir qator taniqli san`atkorlar dasturda mehmon bo`lishdi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.