7-OILAVIY POLIKLINIKADA TIBBIY-IJTIMOIY AKSIYa BO`LIB O`TDI
Poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi 7-oilaviy poliklinikada tibbiy-ijtimoiy aksiya bo`lib o`tdi. Mirzo Ulug`bek tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan aksiya doirasida kam ta`minlangan oilalarning 185 nafar farzandi gepatit A ga qarshi emlandi.
Yuqumli kasalliklarning oldini olishning zamonaviy tizimi epidemiologik barqarorlikni ta`minlash hamda inson salomatligini saqlashda muhim omil bo`lib xizmat qilmoqda.
– Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Mirzo Ulug`bek tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sevara Husanova. – Emlash ishlariga mingga yaqin bola qamrab olinadi. Buning uchun tumandagi oltita poliklinikaning 152 nafar shifokori va 304 nafar hamshirasi jalb etiladi.
"Salomatlik-3" loyihasi doirasida tumandagi barcha poliklinikalar zamonaviy uskunalar, jumladan, raqamli ultratovush tashxisi, distillyatorlar bilan jihozlandi. Natijada tashxis qo`yish sifati yaxshilandi, birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish samaradorligi oshdi. Poliklinikalarda 260 mingdan ortiq aholiga xizmat ko`rsatiladi. Ulardan 71 ming nafari 18 yoshgacha bo`lgan bolalardir.
Shifokorlar profilaktik chora-tadbirlarni tashkil qilishda mahallalar bilan muntazam hamkorlik qilmoqda. Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Tushuntirish ishlari natijasida erta turmush va yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikohlar soni kamaydi. Shifokorlar keksalarning sog`lig`ini muntazam ravishda nazorat qiladi.
Soha xodimlarining muvaffaqiyatli faoliyati hamda tibbiyot muassasalarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar aholiga sifatli xizmat ko`rsatish, yuqumli kasalliklar bo`yicha barqaror vaziyatni saqlash va bolalar o`rtasidagi kasalliklarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.






