1

O`zbekistonning kreditlash sohasidagi reytingi 24 pog`onaga ko`tarildi

Jamiyat 18.02.2014, 11:26
O`zbekistonning kreditlash sohasidagi reytingi 24 pog`onaga ko`tarildi
2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo`nalishlaridan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan “Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va yanada rag`batlantirish borasida 2014 yilda bank tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar” mavzuida amaliy uchrashuv bo`lib o`tdi.

Unda bank tizimi, Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi va boshqa tashkilotlarning rahbar va mas`ul xodimlari, ta`lim muassasalari bitiruvchilari, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so`nggi yillarda kichik biznesni kreditlash hajmi keskin oshirilgani ta`kidlandi. Birgina 2013 yilning o`zida tadbirkorlik sub`ektlariga 6,9 trln. so`m miqdorida kreditlar ajratilib, ushbu ko`rsatkich 2000 yilga nisbatan 67 barobardan ziyod o`sdi.

Bunda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlar hajmi so`nggi 3 yil davomida 5,5 barobar o`sib, 2013 yil yakunlari bo`yicha 140,1 mlrd. so`mni tashkil etdi.

Respublika hududlarida xizmat ko`rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun esa tijorat banklari tomonidan o`tgan yil davomida 899,7 mlrd. so`mlik yoki 2012 yilga nisbatan 1,4 barobarga ko`p kreditlar ajratildi.

Shu bilan birga, bank tizimi infrastrukturasini yaxshilashga daxldor bir qator yangi qonunlar qabul qilindi, kichik biznes sub`ektlarini kreditlashga oid tartiblar mazkur jarayonni yanada soddalashtirish va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta ko`rib chiqildi.

Bugungi kunda tadbirkorlarga barcha masalalar yuzasidan tezkor ravishda zaruriy amaliy yordam ko`rsatib borilmoqda. Xususan, Markaziy bank tizimida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va fuqarolarning murojaatlari qisqa muddatlarda maxsus tashkil etilgan Ishchi guruh tomonidan ko`rib chiqilmoqda, “Yagona ishonch telefoni” faoliyat ko`rsatib kelmoqda, Respublika Markaziy banki raisiga bevosita elektron murojaat qilish tartibi yo`lga qo`yildi. 

Ta`kidlash joizki, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik sub`ektlariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli chora-tadbirlar xalqaro moliya institutlari tomonidan ham e`tirof etilmoqda. 

Xususan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining 2013 yilning oktyabr oyida e`lon qilingan “Biznesni yuritish” (Doing business) bo`yicha hisobotida O`zbekistonning kreditlash sohasidagi reyting ko`rsatkichlari 24 pog`onaga ko`tarilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish va jadal rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish, aholining, ayniqsa, yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari bilan joriy etilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar to`g`risida batafsil tushuntirishlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1