Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari hamkorligida o`tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida sodir etilgan 10 jinoyatning barchasi fosh etildi, 5 nafar qidiruvdagi shaxs qo`lga olindi. Mahallalarda profilaktika ishlarining keng yo`lga qo`yilgani, aholi o`rtasida huquqiy targ`ibot samaradorligini oshirish borasidagi ishlar tufayli so`nggi haftada viloyatda umumiy jinoyatlarning soni 17,5 foizga kamaydi. Bu xaqda O`zAA xabar bermoqda.
Profilaktika tadbirlarida ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ta`lim muassasalarida o`tkazilayotgan tadbirlarda o`quvchilarning davomatini o`rganish barobarida, tarbiyasi og`ir, jinoyatchilikka moyil o`smirlar bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Mahallalarda o`tkazilgan 48 uchrashuvda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, bunday holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Haftaning har payshanbasida amalga oshirilayotgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktika kuni tadbirlari o`z samarasini bermoqda. Joriy yilning o`tgan davrida viloyat bo`yicha mazkur tadbirlar doirasida kasb-hunar kollejlarida o`quv mashg`ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan o`quvchilar aniqlanib, ularning ota-onalari bilan muloqotlar tashkil etildi. Ta`lim muassasalarida jinoyatchilikning oldini olishga bag`ishlangan 3 mingdan ortiq yig`ilish o`tkazildi. Ishchi guruhlar a`zolari 140 ming 531 xonadonda bo`lib, ularning turmush tarzini o`rganish barobarida jinoyat sodir qilishga moyil, notinch oilalar, voyaga etmagan huquqbuzarlar, muqaddam sudlangan va profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar bilan suhbatlar o`tkazdi. Joylarda o`tkazilgan 248 sayyor sudlarda fuqarolarning ko`plab murojaatlari o`z echimini topdi.






