Shu yilning 8 noyabr kuni Toshkent shahar Olmazor tumani Tansiqboev mavzesida yashab kelgan 2010 yilda tug`ilgan Munisa, 2011 yilda tug`ilgan Muxlisa va 2013 yilda tug`ilgan Mohira Qosimovalar tibbiyot muassasalarida noma`lum etiologiyali moddadan zaharlanish oqibatida vafot etgan. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi bo`lim boshlig`i Bobir Dehqonov bugun shahar IIBBda bo`lib o`tgan brifingda ma`lum qildi, deb yozadi UZ24 nashri.
B.Dehqonovning so`zlariga ko`ra, mazkur holat bo`yicha joriy yil 9 noyabr kuni JKning 186-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo`zg`atilgan. Hozirda bu bo`yicha tergov harakatlari olib borilyapti. Jumladan, shu xonadonda qizchalar iste`mol qilgan dori-darmonlar, muzlatgichdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan. Shuningdek, dori-darmonlar sotib olingan dorixonadan hamda shashlik iste`mol qilingan oshxonadan ham tegishli namunalar olinib, ular yuzasidan sud kimyo ekspertizasi va sud tibbiy ekspertizalari tayinlangan. Tekshiruvlar ekspert muassasalari tomonidan o`tkazilyapti.
Bundan tashqari, Sog`liqni saqlash vazirligi qizchalar poliklinakaga olib borilganda ularga ko`rsatilgan tibbiy muolajalarning to`g`ri yoki noto`g`riligi bo`yicha xizmat tekshiruvini tayinlagan.
Brifingda qizlarning o`limiga sabablardan biri sifatida talqin qilinayotgan tabiblar tayinlagan giyohlar bo`yicha ham savol berildi. Unga javoban B.Dehqonov bu gap-so`zlar hali tasdiqlanmaganini aytdi.






