Yaponiya hukumati o`zbekistonlik Miroqil Fozilovni imperator ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
U 40 yil davomida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi «Fozil ota» qabristoniga dafn etilgan yapon fuqarolarining qabrlarini obod qilish bilan shug`ullangan. Bu erga asosan Ikkinchi jahon urushidan so`ng O`zbekiston poytaxtiga surgun qilingan yapon harbiy asirlari dafn etilgan.
75 yoshli Fozilov O`zbekistonda dafn etilgan yapon fuqarolari tarixini saqlab qolgani va qabristonni obod qilgani uchun «Ko`tarilayotgan quyosh, kumush nurlar» ordeni bilan mukofotlandi.
Fozilovning otasi ham 60 yil davomida ushbu qabriston nazoratchisi bo`lgan va O`zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov topshirig`i bilan qabristonga «Fozil ota» nomi berilgan.