Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi.
2017 yilning 20 noyabr kuni O`zbekistondagi bir qator muassasalarning axborot resurslariga kiber hujumlar amalga oshirildi. Jahon miqyosida ommaviy uyushtirilgan virtual hujumlar oqibatida turli mamlakatlarda 60 mingdan ziyod resurslar zararlangan. Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta`minlashga ko`maklashish markazi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, tegishli tashkilotlarning veb-saytlarining faoliyati qayta tiklandi.
UZINFOCOM Markazi hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta`minlashga ko`maklashish markazlari hamkorligida hujum manbasini aniqlash hamda keyinchalik bu turdagi hujumlardan himoyalanish maqsadida, zararlangan resurslarning zahira nusxalarini yaratish yuzasidan ishlar amalga oshirildi.
Ayni paytda mazkur hujum oqibatlari to`liq bartaraf etilgan, hozirda zararlangan axborot resurslari to`laqonli rejimda ishlamoqda. Shuningdek, istiqbolda himoya choralarini ishlab chiqish uchun ushbu kiber hujumlarning uyushtirilishi sabablari hamda usullari yaqindan tadqiq qilinmoqda.






