AsosiyJamiyat

​HOLVA DEGAN BILAN OG`IZ ChUChIMAYDI YoXUD QOG`OZDA QOLAYoTGAN QARORLAR

'​HOLVA DEGAN BILAN OG`IZ ChUChIMAYDI YoXUD QOG`OZDA QOLAYoTGAN QARORLAR'ning rasmi

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar ana shu haqda.

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat, tuman, shahar Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari a`zolari o`tgan 9 oyda aholi turmush farovonligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va boshqa sosial-ijtimoiy masalalar yuzasidan 520 ta deputatlik so`rovi yubordi. Deputatlik guruhi yig`ilishlarida 253 marta mansabdor shaxsning hisoboti eshitildi. Sessiyalar muhokamasiga 30 ta taklif kiritilib, 14 ta masala yuzasidan mahalliy vakillik organlarining qarori qabul qilindi.

Biroq ayrim sessiya qarorlari qog`ozda qolib ketayotganini ham aytish o`rinli. Masalan, Mirishkor tumanida ichimlik suvi ta`minotini yanada yaxshilash maqsadida 2010-2011 yillarda “Osiyo taraqqiyot” bankining imtiyozli kredit hisobiga 2 ta toza ichimlik suvi saqlash hovuzlari qurilishi kerak edi. Bu orqali Qurama va Nayiston mahallalarida yashayotgan aholining ichimlik suv ta`minoti izga tushishi rejalashtirilgandi. Ammo inshootlar qurildi-yu, negadir ishga tushmadi. O‘zLiDeP deputatlari mazkur muammoni o`rganib, inshootni ishga tushirish haqida Xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi sessiyasining qarorini chiqartirishdi.

– Sessiya qaroridan so`ng mazkur hududda yashayotgan aholi biroz engil tortgandi, – deydi Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Beshboy Sharipov. – Ushbu suv inshootlarining ishga tushirilishi nafaqat Qurama va Nayiston, balki Ayzobod va Buluch mahallalari, Jeynov qishlog`ida yashayotgan aholiga ichimlik suv etkazish berishni yaxshilardi. Bundan tashqari, 6 ta yangi ish o`rnini yaratardi. Afsuski, inshootlarning ishga tushishini intizor bo`lib kutayotgan odamlarning orzusi haligacha ro`yobga chiqqani yo`q.

Shahrisabz shahrini qayta qurish va rekonstruksiya qilish davrida beshta mahallaning ichimlik suv tarmoqlari buzib tashlangan edi. Shaharda ta`mirlash ishlari yakunlanganiga ancha bo`ldi. Ammo beshta mahalla aholisi ichimlik suvidan musuvo bo`ldi. Saylovchilar mazkur masalaga ijobiy echim topishda amaliy yordam berishni so`rab, O‘zLiDeP deputatlik guruhiga murojaat qilishdi. Murojaatga asosan O‘zLiDeP deputatlik guruhi a`zolari Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashi sessiyasiga tumandagi Qo`shhovuz, Zingiron, Qoziguzar, Zargarlik va Xazara mahalla fuqarolar yig`inlari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash masalasini olib kirishdi. Qisqa fursatda mazkur muammoni bartaraf etish yuzasidan tuman Kengashining qarori qabul qilindi. Biroq oradan uch oy o`tsa hamki, amaliy ishdan darak yo`q...

Afsuski, bu kabi misollarni yana o`nlab keltirish mumkin. Ijro hokimiyatining sansalorligi, ishga panja ortidan qarash, vakillik organlari qarorini mensimaslik kabi holatlar mazkur muammolarning bosh omilidir. O`ylaymizki, mutasaddi idoralar yuqoridagi muammolarga tez orada echim topishadi. Zotan, vakillik organlarining qarori xalqimiz xohish irodasining amaliy ifodasidir.

    Boshqa yangiliklar