Toshkent va Samarqandda 2017 yil 21-22 noyabr kunlari "Inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlarini o`lchash bo`yicha qiyosiy ko`rsatkichlar: xalqaro amaliyot va O`zbekiston tajribasi" mavzuida xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi.
Konferensiya Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`limi, BMT Taraqqiyot dasturi va F.Ebert nomidagi jamg`armaning (Germaniya) O`zbekistondagi vakolatxonalari, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilmoqda.
Konferensiya ishida BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo`yicha qo`mitasi raisi, Qozog`iston, Qirg`iziston, Litva, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Ombudsmanlari, shuningdek, Ozarbayjon va Polsha Ombudsman institutlari vakillarining ishtirok etishi alohida e`tiborga loyiq.
Anjuman doirasida o`tkaziladigan ikki yalpi va to`rt sho``ba yig`ilishlarida milliy va xalqaro tajriba ko`rib chiqiladi.
Xalqaro konferensiyada O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, ijro va sud hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta`lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.






