AsosiyJamiyat

Sherali Jo`raevning Rog`un haqidagi qo`shig`i matni taqdim etildi

Avvalroq O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev Rog`un va Qambarota GESlari haqida qo`shiq kuylagani haqida xabar bergan edik.

Bugun san`atkorning matbuot kotibi Ulug`bek Rahimov ushbu qo`shiq she`rini tahririyatimizga taqdim etdi.  

Tez kunda qo`shiqning o`zini ham saytimiz orqali sizlarning hukmingizga havola etish niyatidamiz.

Bo`lmagay

Yaratganning inoyati - ko`kdan kelar imdodlar.
Obi rahmat deb yomg`irga kaftin tutgan ajdodlar,
To`g`on qurib daryolarga to`g`anoq bo`lgan zotlar,
Oftob sochgan ziyolarning yo`lin to`sib bo`lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmagay.

Bu daryoda qozoq quvgan marolning ham haqqi bor,
Maxtumquli ekib ketgan niholning ham haqqi bor,
Non urmasin, tuz tutmasin Orolning ham haqqi bor,
Samum chalgan navolarning yo`lin to`sib bo`lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmagay.

Qishda qorni qizg`anguvchi pastdan O`zi asrasin,
Hamsoyaga chohlar qazgan kasdan O`zi asrasin,
Tabiatdan qaytar qasos-qasddan O`zi asrasin,
Sirli-sirli nidolarning yo`lin to`sib bo`lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmagay.

Hasadgo`yning qo`rg`oniga qush ham qo`nmas deydilar,
Xudoyimning berganiga nomard ko`nmas deydilar,
Noshukrning to`g`oniyu ko`ngli to`lmas deydilar,
Sabolarning, havolarning yo`lin to`sib bo`lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmagay.

Iqbol Mirzo
O`zbekiston xalq shoiri

    Boshqa yangiliklar