Ilgari xabar qilinganidek, O`zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sohibi Sherali Jo`raev transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish mavzusida yangi qo`shiq tayyorladi.
O`zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo she`ri asosida yaratilgan bu qo`shiqda umuminsoniy qadriyatlar, do`stlik, hamjihatlik ulug`lanadi, millatlararo do`stlikka rahna soluvchi illatlar qoralanadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo erlarini asrlar osha sug`orib kelgan daryolarning yuqori oqimidagi mamlakatlar tomonidan yirik to`g`onlar qurilayotgani xalqaro hamjamiyatning jiddiy e`tiroziga sabab bo`lmoqda. Bu davlat rahbarlarining mintaqadagi qo`shni xalqlar manfaatini mensimay, tabiiy shart-sharoitlarni hisobga olmagan holda, o`zboshimchalik bilan amalga oshirayotgan ishlar har qanday komil aql egasini o`ylantiradi. Bu borada ijod ahli ham o`z fikrini, munosabatini bildirishga xaqlidir.
Ayni paytda qo`shiq tayyor bo`lsa-da, hofiz uni yanada qiyomiga etkazish ustida izlanmoqda.
Eslatib o`tamiz, Sherali Jo`raev Markaziy Osiyo xalqlarining do`stligi, birodarligi mavzuida ko`p qo`shiqlar kuylagan. Bu qo`shiqni kuylashdan maqsad esa, ana shu azaliy va abadiy do`stlikka soya tashlayotgan illatlarni ko`rsatishdan iborat. Eng muhimi ushbu she`r kim tomonidan qo`shiq qilib aytilmasin, yaxshi niyatli kishilarning qalbiga, ongiga chuqur singishi lozim.
Quyida e`tiboringizga qo`shiq matnini havola etamiz:
Bo`lmag`ay
Yaratganning inoyati - ko`kdan kelar imdodlar.
Obi rahmat deb yomg`irga kaftin ochgan ajdodlar,
To`g`on qurib daryolarga to`g`anoq bo`lgan zotlar,
Bandalarning rizqu ro`zin qiyib, to`sib bo`lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmagay.
Bu daryoda turkman suygan marolning ham haqqi bor,
Yassaviylar ekib ketgan niholning ham haqqi bor,
Non urmasin, tuz tutmasin Orolning ham haqqi bor,
Sira ham Amudaryolarning suvin to`sib bo`lmag`ay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay.
Bandalarning rizqu-ro`zin qiyib bo`g`ib bo`lmag`ay.
Qishda qorni qizg`anguvchi dastdan Alloh asrasin,
Hamsoyaga chohlar qazgan kasdan Alloh asrasin,
Tabiatdan qaytar qasos-qasddan Alloh asrasin,
Qalbdan chiqqan nidolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay.
Sirdaryo ham Amudaryo suvin to`sib bo`lmag`ay.
Hasadgo`yning qo`rg`oniga qush ham qo`nmas deydilar,
Xudoyimning berganiga nokas to`ymas deydilar,
Noshukrning to`g`oniyu ko`ngli to`lmas deydilar,
Sabolarning, havolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay,
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay.
Bandalarning rizqu ro`zin qiyib-bo`g`ib bo`lmag`ay.
Duo qiling, qardoshlarim, to`lib oqsin daryolar.
O`zbek, tojik, qoraqalpoq, turkman, qirg`iz, qozoqlar,
Ya`qub Charxiy, Buxoriylar, Naqshband avliyolar
Sizlar qilgan duolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay.
Sizlar ichgan daryolarning suvin kesib bo`lmag`ay.
Ming yillarki, Turonzamin quchoq ochgan onamiz,
Ko`ngillardan ko`ngillar suv ichsagina qonamiz.
Bir tanda et-tirnoq edik, nahot endi tonamiz.
Jaholatdan chap qo`l bilan o`ngni kesib bo`lmag`ay
Ajdodlarning zarrishtasin zinhor uzib bo`lmag`ay.
Daryo-daryo duolarning yo`lin to`sib bo`lmag`ay,
Milyon-milyon elu yurtning suvin to`sib bo`lmag`ay.
Iqbol Mirzo
O`zbekiston xalq shoiri