Qurol-yarog`lar inson hayoti va jamiyatimiz osoyishtaligi uchun xavfli hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni noqonuniy ravishda saqlash, olib yurish va bojxona chegaralari orqali olib o`tish qat`iyan man etilgan.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari bilan hamkorliqda, vagon va konteynerlarni bojxona ko`zdan kechiruvidan o`tkazish jarayonida Xitoy xalq Respublikasidan kirib kelgan konteyner ortilgan vagonlardan birining pastki qismida g`ildirak juftligining o`rtasiga ustalik bilan yashirilgan sariq rangli polietilen paket borligi aniqlandi.
Mazkur polietilen paket guvohlar ishtirokida olinib, ochib ko`rilganda, uning ichida qurol va uch dona o`q hamda oldi qismiga burab qotiriladigan temirdan yasalgan qo`shimcha moslama borligi aniqlandi.
Agarda ushbu qurolni yashirib olib o`tish bilan bog`liq holat bojxona xodimlari tomonidan o`z vaqtida fosh etilmaganda manfur maqsadlarni ko`zlagan jinoyatchilar tomonidan turli yovuzliklar sodir etilishi mumkin edi.
Ta`kidlash joizki, respublika bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o`tgan davri mobaynida, 56 dona o`q-otar qurollari, 643 dona o`q, 16 685 dona kapsula hamda 3486 dona gilzalarning g`ayriqonuniy aylanmasiga chek qo`yilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan bojxona qoidabuzarliklari yoki bojxona xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasining 120-76-71 - “Ishonch telefoni” raqamiga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz.






