AsosiyJamiyat

“URINISh” BESAMAR KETDI!

'“URINISh” BESAMAR KETDI!'ning rasmi

Mamlakatimizda inson manfaatlari va uning hayoti va salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida e`tirof etilgan va bu borada muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan dori vositalari va farmasevtika faoliyatini yanada tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlarining qabul qilinishi orqali aholi salomatligini muhofaza qilishning sifati yaxshilanib, iste`mol bozorini sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalaridan himoya qilmoqda.

Lekin ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan sifatini kafolatlovchi sertifikatlari bo`lmagan dori vositalarini noqonuniy ravishda mamlakatimiz hududiga olib kirishga urinish holatlari uchrayotgani achinarli holatdir.

Jumladan, Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi fuqaro S.A. Rossiya Federasiyasidan bojxona qonun xujjatlarini buzgan holda dori vositalarini yurtimizga olib kirib qayta sotish orqali foyda olishni ko`zladi. Ammo uning bu urinishlari amalga oshmadi.

Xususan fuqaro S.A. Rossiya Federasiyasi Sankt-Peterburg shahrida ishlab yurgan o`zining tanishi “Anvar” ismli shaxsdan foydalangan holda

“Sankt-Peterburg - Urganch” yo`nalishidagi Urganch shahriga uchib kelayotgan 2 nafar fuqarolar orqali, ushbu dori-darmonlarga fuqaro S.A.ning yaqin qarindoshlarining ehtiyoji borligini aytib, aldab olib borib berishni iltimos qilgan holda 3 xildagi umumiy qiymati 5 000 000 so`mlik 29 quti (10 quti “Imunofan” yozuvli, 10 quti “Solu Medrol 500mg” yozuvli va 9 quti “Gonadotropin Xorionicheskiy” yozuvli dori vositalari) dori vositalarini olib kirishga uringanligi aniqlandi.

O`tkazilgan tadbir davomida fuqaro S.A. Urganch xalqaro aeroporti binosi oldida Sankt-Peterburg-Urganch” yo`nalishida Urganch shahriga uchib kelgan fuqarolar Yo.X va N.Slardan yuqorida nomlari keltirilgan dori vositalarini qabul qilib turgan paytida Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi va “Urganch aeroport” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan to`xtatildi. Ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan dori vositalarini mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirish yoki sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalari savdosi bilan shug`ullanayotgan kimsalar to`g`risida xabardor bo`lsalar, Davlat bojxona qo`mitasining (0-371) 120-76-33 raqamli ishonch telefoniga murojaat etishlarini so`raymiz. Ma`lumot bergan shaxslarning ismi-shariflari sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar