Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublika hududiga qalbakilashtirilgan mahsulotlar va tovarlarni noqonuniy olib kirishga chek qo`yish maqsadida bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib o`tgan joyidagi bojxona organlariga o`tkazilayotgan tovarlar to`g`risidagi ma`lumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati, tegishli tovar kodlari haqidagi ma`lumotni taqdim etishlari shart.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Xitoy davlatidan yuk qabul qiluvchi, yakka tartibdagi tadbirkor I.Z nomiga kelgan konteynerlar uning ishonchli vakili ishtirokida ochilib, ko`zdan kechirilganda mazkur konteynerga yo`l-yuk hujjatlarida qayd etilgan umumiy qiymati 12 720 AQSh dollarini tashkil etuvchi, vazni 53 tonnadan ortiq MDF yog`och tolali plitasi va temir sim mahsulotlari o`rniga yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan vazni 52 tonnadan ziyod profnastil uchun mo`ljallangan samorez mahsulotlari yuklanganligi ma`lum bo`ldi.
Daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo`yilgan tovar moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 1 milliard 93 million so`mdan ortiqni tashkil etdi.
Agarda taqdim etilgan hujjatlarga asosan mahsulotlar rasmiylashtirilganda 4 mln. so`m bojxona to`lovlari undirilishi mumkin edi. Ammo bojxona ko`rigi natijasida aniqlangan mahsulotlar rasmiylashtirilganda esa 1 mlrd. 31 mln. so`m bojxona to`lovlari undirilishi aniqlandi.
Bundan ko`rinib turibdiki, qonunbuzar o`zi olib kirayotgan mahsulotlarini hujjatlarda boshqa nom bilan ko`rsatish yo`li bilan 1 mlrd. so`mdan ortiq mablag`ni davlat byudjetiga to`lashdan qochishga uringanligi fosh bo`ldi.
Shunga o`xshash yana bir holatda bojxona xodimlari Xitoy davlatidan “KINGS” MChJnomiga kelgan konteynerlarni ushbu mas`uliyati cheklangan jamiyat vakiliA.A ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazishganda yo`l-kuzatuv hujjatlaridan qayd etilgan umumiy vazni 46 tonnadan ziyodpol uchun mo`ljallangan laminatsiyalangan plita mahsulotlari o`rniga umumiy qiymati 2 milliard so`mdan ortiqni tashkil etuvchi kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar ortilgani aniqlandi.
“Chuqursoy texnik idora” temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda Xitoy davlatidan yuk qabul qiluvchi A.A nomiga kelgan konteynerdagi mahsulotlar uning ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yuk kuzatuv hujjatlarida tovarlar “Mebelnaya furnitura” deb ko`rsatilgan bo`lsada, lekin bojxona ko`rigida yuk kuzatuv xujjatlarida umuman ko`rsatilmagan va hujjatlarda kursatilgandan ortiq umumiy qiymati 3,5 mlrd so`mdan ziyodturli xil avtomobil extiyot qismlari, mebel uchun mahsulotlar har xil turdagi dastgohlar, kiyim-kechaklar, sport tovarlari, 2232 dona har xil turdagi dorilar, kir yuvish kukunlari va boshqa mahsulotlar borligi aniqlanib daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






