Bugun O`EOAVMAning “Media hall”ida “O`zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida “Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori”mavzusida Xalqaro media-forum o`z ishini boshladi.
Xalqaro media-forumda “Katta Langar Qur`oni”, “Devoni Husayni”, “Poklik bog`i”, “Temur tuzuklari” “Mehrojnoma” nomli qo`lyozmalari nusxalari O`zbekiston hukumatiga tantanali ravishda topshirildi.
“Katta Langar Qur`oni” qo`lyozmasi Qur`oni Karimning bizgacha etib kelgan eng qadimiy va bebaho nusxalaridan sanaladi. Qo`lyozma VIII asr oxirlarida pergamentga kufiy-hijoziy xatida bitilgan. Neva daryosining sohilida, Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari institutida ana shu muqaddas kitobning bizga etib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi saqlanadi. Butun dunyoga mashhur Usmon Qur`onining nodir nusxalaridan biri sanalgan bu qo`lyozma RAF Sharq qo`lyozmalari institutiga Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Katta Langar qishlog`idan borib qolgan. Bu kitobning yana 16 sahifasi O`zbekistonda – Katta Langar qishlog`ida, Toshkent va Buxoroda saqlanadi.






