1

Suiiste`molliklarga yo`l qo`ygan nashriyotlar tanqid ostiga olindi

Jamiyat 06.03.2014, 16:21
Suiiste`molliklarga yo`l qo`ygan nashriyotlar tanqid ostiga olindi

2013 yilda olib borilgan monitoring va tahlillar asosida nashriyotlar tomonidan lisenziya shartnomalarini bajarishda turli suiste`molliklarga yo`l qo`yilgani aniqlangan va 20 ga yaqin nashriyotga taqdimnoma va ko`rsatmalar kiritilgan...

Bu haqda bugun Milliy matbuot markazida o`tkazilgan “Ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini erkinlashtirish jarayonlari: qonuniy talab, muammo va echimlar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma`lumot berildi. 

Shuningdek ma`lumotlarda qayd etilishicha, 2013 yil mart va 2014 yil yanvar oylarida lisenziya shartnomalarini bajarishda turli suiste`molliklarga, mazmunan sayoz, ijtimoiy jihatdan ahamiyatsiz kitoblar nashr etishga yo`l qo`ygan 7 ta nashriyot faoliyati Vazirlar Mahkamasi Noshirlik faoliyatini lisenziyalash komissiyasi qaroriga muvofiq tugatildi. 

- Men bir narsaga hayron qolaman, - deydi O`zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori A.Yunusov ushbu sohaga doir ma`lumotlarni taqdim etarkan, - yurtimizda 108 ta nashriyot faoliyat yuritayotgan bo`lsa-da, Xalq ta`limi vazirligi tomonidan darsliklar chop etilishida e`lon qilinadigan tenderda faqatgina ikki yoki uchta nashriyot ishtirok etadi. Vaholanki, mavjud 108 ta nashriyotning asosiy qismi darsliklarni chop etish huquqiga ega.

Ayni ana shu holatlarni inobatga olgan holda, noshir va matbaachilar mas`uliyatini kuchaytirish, mazmunan sayoz kitoblar chiqishiga yo`l qo`ymaslik hamda zamon talabiga mos kitoblar nashr etilishini qo`llab-quvvatlash maqsadida O`zbekiston matbuot va axborot agentligining 2014 yil uchun mo`ljallangan Respublika nashriyotlari bosh muharrirlari ishtirokidagi amaliy-o`quv seminarlari rejasi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, hozirda Respublika noshirlarining Noshirlik faoliyatini muvofiqlashtirish jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda. Mazkur kengashga mavzu rejalarni shakllantirish, kitoblar xilma-hilligini boyitish, yoshlarni milliy g`oya ruhida tarbiyalashga oid kitoblar salmog`ini ko`paytirish, aholi o`rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida nashriyotlarga metodologik maslahatlar va yo`nalishlar berish kabi vazifalar yuklatilishi ko`zda tutilmoqda. 

Eslatib o`tamiz: joriy yilda noshirlar faoliyatini ma`naviy rag`batlantirish va aholi o`rtasida kitobxonlik madaniyati targ`ibotini kuchaytirish maqsadida “Namunaviy kitob do`koni” va Yilning eng yaxshi kitobi respublika ko`rik-tanlovlari  o`tkaziladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1