2013 yilda Xorazm viloyatida gazeta chop etadigan zamonaviy matbaa uskunasi ishga tushirilgan bo`lsa, 2014 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida ham shunday zamonaviy matbaa uskunalari o`rnatiladi...
Bu haqda bugun O`zbekiston matbuot va axborot agentligi Milliy matbuot markazida tizimga oid o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lumot berildi.
- Avvalgi yig`ilishlarimizda viloyatlarda gazetalarni chop etish va vaqtni tejagan holda ularni o`quvchilarga tezkor etkazishni yo`lga qo`yish ustida ish olib borayotganimiz haqida aytib o`tgan edim, - dedi O`zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori A.Yunusov matbuot anjumanida jurnalistlarga ma`ruza qilarkan. - Hozirda tizimdagi matbaa korxonalarini modernizasiya qilish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda. “2012-2014 yillarda sanoat korxonalarining ma`naviy va jismoniy eskirib qolgan jihozlarini almashtirish tarmoq grafigi” asosida amalga oshirilgan bir qator ishlar qatorida “O`zbekiston” NMIU tomonidan Germaniya, Xitoy va Turkiyaning zamonaviy uskunalari o`rnatilganligi fikrimni isbotlaydi.
Shuningdek, matbuot anjumanida viloyatlarda gazetalarni chop etish va vaqtni tejagan holda ularni o`quvchilarga tezkor etkazishni yo`lga qo`yish borasida 2-3 ta markaziy nashrlar misolida eksperiment o`tkazilgani ta`kidlandi. “Xalq so`zi”, “Ma`rifat” kabi gazetalar viloyatdan tushadigan buyurtmalari asosida o`sha viloyatning o`zidagi matbaa korxonasida chop etilib, bir soatning o`zidayoq gazetxon qo`liga etkazib berilishi ta`minlangan. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, agar ana shu chora-tadbirlar amalga to`liq tatbiq etilsa, nafaqat gazetxonlarning obuna xarajati, balki nashrlarning o`zida ham moliyaviy xarajatlar qisqarishiga erishish mumkin.
MA`LUMOT UChUN: 2014 yilning 1 mart holatiga ko`ra yurtimizda 1750 ta matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda.