"Aziz va muqadassan ayol" konsertiga tashrif buyurgan ayollarning "noroziliklariga" nima sabab bo`ldi (FOTOFAKT)

Jamiyat 07.03.2014, 16:40
"Aziz va muqadassan ayol" konsertiga tashrif buyurgan ayollarning "noroziliklariga" nima sabab bo`ldi (FOTOFAKT)

“Aziz va muqaddassan ayol” - rejissyor Sa`dulla Abdullaev va “Zamin” studiyasi boshchiligida 16 yildan beri tashkil etiladigan ushbu konsertni har yili ayollar intizorlik bilan kutishadi.

Ushbu konsert bu yil ham 4-6 mart kunlari poytaxtimizning “Istiqlol” san`at saroyida bo`lib o`tdi. An`anaga sodiq holda bu yil ham konsertga oilamizdagi ayollar bilan tushdik. Bu safargi konsert mazmun mohiyati haqida fikr bildirishdan yiroqman. Meni e`tiborimni boshqa bir masala tortdi. 

Ma`lumki, yurtimizda konsert dasturlari odamlarning ishdan chiqish vaqtini inobatga olgan holda soat 19:00 da boshlanadi. Har yili ushbu saroyda bo`lib o`tadigan konsert dasturlariga tushib turaman, biroq bu yili shuncha paytdan beri ko`rmagan holatimga duch kelganim va jurnalist ekanligim uchun buni yozishim kerak degan xulosaga keldim.
Ishdan chiqib, soat 18:45 da konsert zaliga etib bordik. Avvaliga saroy ko`chasidagi zinalarning butunlay to`sib qo`yilganligi bir-ikki metrgina joy esa ochiq qoldirilgani odamlarni asabini taranglashtirgan va tirbandliklar hosil qilgan bo`lsa, zinadan tepaga chiqqach ikkinchi muammoga duch kelindi. Konsert boshlanishiga 10 daqiqa qolgan ko`chada esa konsertga tashrif buyurgan tumonat odam yig`ilib turibdi, ularning aksariyati ayollar va bolalar. 

Aslida chiptada 10 yoshgacha bo`lgan bolalar kiritilmaydi deyilganiga qaramay, ayollarimizning ba`zilari hatto chaqaloqlar bilan konsertga tashrif buyurishgan. Mayli, gap bunda emas, buni ularning oilaviy sharoitlari bilan bog`liq deb o`ylashimiz va “o`zbekchilikka” yo`yishimiz mumkin, biroq ularning uzun navbat va ur-yiqit orasida turganliklaridan qo`rqib, yig`lagan bolalar ham bo`ldi. 

Odamlardan tashkil topgan juda uzun navbat o`z joyida 15 daqiqa qimirlamay turdi, ahiyri, konsert boshlanishiga 5 daqiqa qolganida, odamlar eshik tagida havfsizlikni ta`minlayotgan huquq-tartibot organlariga kiritishni talab qilib, bir-birlarini itara ketishdi. Konsert tashkilotchilarining konsertga juda sekinlik bilan kiritayotgani etmaganday, endi soat 19:00 bo`lganda eshiklar bir necha daqiqaga yopib qo`yildi.

(soat 19:00, eshiklar yopiq, chiptasi bor ayollar ichkariga kira olmayapti)

Xullas, konsert zaliga kirganimizda soat 19:15 edi, bizning ortimizdan kirmagan hali anchagina odam bor edi. Zalda esa konsert boshlanib bo`lgandi. 

Konsertning so`nggi kuni yuzaga kelgan ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida saroy havfsizligini ta`minlayotgan huquq-tartibot organi vakiliga murojaat qilganimizda, u konsertga odamlar juda kech kelganini vaj qilib ko`rsatdi. 

Biroq konsertlarga tomoshabinlarning kech kelishi azaldan bo`lganligini inobatga olsak, kechagi konsertda ham bu sabab bo`la olmasdi.

Huquq posbonining yana bir izohiga ko`ra, bir kun avval umuman chiptasiz va eski chiptalar bilan kirish holatlari kuzatilgan, buning oqibatida esa konsert zali ichida tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.

Ushbu holatga san`at saroyi ma`muriyatining fikri bilan qiziqdik. Ismini oshkor qilmasligimizni so`ragan saroy vakilining aytishicha, 6 mart kuni yuzaga kelgan vaziyatdan uning ham xabari bor. Biroq u ham buni odamlarning konsertga kech kelishlari bilan bog`ladi. Saroy vakilining aytishicha, konsertga eshiklar soat 17:30 dan ochiladi, ammo odamlar konsertga taqab kelishadi.

Saroy vakiliga aslida odamlarning konsert vaqtiga yaqin vaqtda kelishi odatiy hol ekanligini, biroq bu kabi voqea avval bo`lmaganini aytdik. Muammo odamlarni ichkariga kiritilishi yaxshi tashkil etilmaganligida ekanligini aytganimizda esa, u bunga sabab qilib, yuqoridagi chiptalar bilan yuz bergan holat sababli tashkilotchilar tomonidan nazorat kuchaytirilganligi va odamlar havfsizligi yuzasidan har bir tashrif buyuruvchi sinchkovlik bilan tekshirilganini aytdi.

Hamma erda ish vaqti soat 18:00 tugashini inobatga olsak, tomoshabinlar konsertga yaqin vaqt qolganida tashrif buyurishi tabiiy hol, biroq bu ularni eshik oldida tirband qilib, olib o`tirishga sabab bo`la olmaydi-ku. Nahotki, butun boshli konsertlarni tashkillashtirayotgan mutasaddilar masalaning bu tomonini bee`tibor qoldirsalar? Nahotki, bayramona kayfiyatda konsertga tashrif buyurganlar uni ko`rishdan oldin mana shunday noxush vaziyatlarga duch kelmasliklarini ta`minlashning iloji bo`lmasa?

Biz yuqoridagi masalaga o`z fikrimizni bildirdik, bu borada siz nima deysiz Fikrlaringiz biz uchun muhim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1