AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Italiya mikroavtobuslari ishlab chiqariladi

Italiyada ishlab chiqarilgan va Toshkentda sinovdan o`tkazilayotgan Iveco mikroavtobuslari yuqori sifat ko`rsatkichlarni qayd etdi. Bu haqda “Turkiston-press” AA xabar bermoqda.

«Poytaxt transporti» gazetasi «8-sonli avtosaroy» tarkibida 20m-sonli «Yunusobod-12 – Farhod bozori» yo`nalishi bo`yicha 8 ta jadval asosida yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi MiniBus Trans kompaniyasi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi. Ushbu yo`nalishlarda «O`zavtosanoat» AK tomonidan harid qilingan, Italiyada ishlab chiqarilgan 13 va 19 kishilik Iveco mikroavtobuslari 6 oy davomida sinov tariqasida tasarruf etilgan.

Agentlik ma`lumotlariga ko`ra, Toshkent ko`chalaridagi dastlabki 10 ming kilometrlik harakat natijalariga ko`ra, Iveco mikroavtobuslari yuqori sifat ko`rsatkichlarini qayd etgan va poytaxt ko`chalariga mos kelishi aniqlangan. Mikroavtobuslar o`zining yumshoq yurishi, yuqori darajada qulayligi va boshqaruv tizimining kompyuterlashtirilgani bilan ajralib turadi.

Xabarda qo`shimcha qilinishicha, olti oylik sinov muddati yakuniga etgach, uning natijalariga ko`ra, Iveco mikroavtobuslarini Toshkentda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishlari mumkin. Mikroavtobuslar sobiq Toshkent aviasiya IChB negizida ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar