AsosiyJamiyat

Mart oyidan kelasi kuz-qish isitish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi

Milliy matbuot markazida “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi xodimlari 2014-2015 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha amalga oshiriladigan tadbirlar xususida jurnalistlarga so`zlab berdi.   

Mamlakatimiz iqlimi havo haroratining kunduzi va kechasi, yozda va qishda o`zgarishi bilan ajralib turadi. Bu yilgi qish faslida sovuq kunlarning uzoq davom etgani ham buning yaqqol isbotidir. Bunday sharoitda gaz-transport tizimiga tushadigan og`irlik keskin ortib, soha xodimlarini ikki hissa ko`p mehnat qilishga majbur etadi.

Kelgusi qish fasli qanday bo`lishidan qat`i nazar, eng past havo harorati hisobga olingan holda korxonalar va aholini gaz bilan uzluksiz ta`minlash uchun puxta tayyorgarlik ko`rish zarur.

Matbuot anjumanida navbatdagi kuz-qish isitish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish va gaz taqsimoti tizimini tekshirish bo`yicha tashkiliy-texnik tadbirlar joriy yilning mart oyidan boshlanib, 1 sentyabrga qadar davom etishi ma`lum qilindi. Jumladan, 112 kilometrdan ortiq gaz quvuri kapital ta`mirlanadi, 139 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, foydalanilayotgan gaz quvurlarining ishonchli ishlashi ularga gaz uzatish bosimini oshirish va texnik ko`rik orqali tekshiriladi. 75,4 mingdan ortiq gaz taqsimlash punkti texnik jihatdan tekshirilib, zarur hollarda kapital ta`mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Avariya yuz bergan vaziyatlarda qayta tiklash ishlarini amalga oshiradigan xizmatlarni shay holatga keltirish, ularning tunu kun navbatchiligini tashkil etish, zarur transport va moddiy-texnik vositalari bilan ta`minlash masalalariga ham doimiy e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi. “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan shu maqsadda qo`shimcha 14 ekskavator va 150 ta “DAMAS VAN” furgoni xarid qilinib, hududlarga etkazib berildi.

Shuningdek, soha mutaxassislari aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta`minlash borasidagi ishlarni davom ettirmoqda. O`tgan yili hududlar aholisi ehtiyoji inobatga olinib, ularga 564 mingdan ziyod maishiy gaz balloni etkazib berildi. Gaz ballonlarini sotish va xizmat ko`rsatishga ixtisoslashgan yigirmadan ortiq yangi punkt foydalanishga topshirildi. Ularni tashishga mo`ljallangan transport vositalari xarid qilindi.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida aholini issiqlik energiyasi va gaz bilan uzluksiz ta`minlash foydalanilgan energiya hamda gaz uchun to`lovlarning o`z vaqtida amalga oshirilishiga bog`liq ekani alohida ta`kidlandi.

Mutasaddi idoralar tomonidan ushbu yo`nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda, gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish holatlarini aniqlash bo`yicha doimiy komissiya tuzilgan. Qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko`rilib, etkazilgan zarar uchun jarimalar undirilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

    Boshqa yangiliklar