O`zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan “Toshkent shina tiklash zavodi” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga mediatur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur korxonada rezina chiqindilarini va qayta ishlash, jumladan, avtoshinalarni restavrasiya qilish hamda rezina mahsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beradi O`zA.
Tegishli idoralar hamkorligida ushbu muammoni bartaraf etish bo`yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Aholi, korxona va tashkilotlardan rezina mahsulotlari, jumladan, ishlatib bo`lingan pokrishkalarni yig`ish va uni qayta ishlaydigan korxonalar faoliyatini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
“Toshkent shina tiklash zavodi” zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlagan. Korxonada qayta ishlanayotgan shinalardan olinayotgan kauchukdan bir necha xil rezina mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Qayta ishlash jarayonida ajratilayotgan sim "O`zmetkombinat" ochiq aksiyadorlik jamiyatiga topshirilmoqda.
Yiliga bir ming 500 tonna rezina chiqindisini qayta ishlash quvvatiga ega zavodda tayyorlangan tovarlar shartnoma asosida “O`zbekiston temir yo`llari”, “O`zavtosanoat” kompaniyalari va boshqa korxonalarga etkazib berilayotir.
- Eski shinalarni yig`ish bo`yicha ishlarni izchil rivojlantirmoqdamiz, - deydi korxona rahbari Saidkarim Fozilov. - Shuningdek, mavjud texnologiyalarni yaxshilash, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda yangi ish o`rinlari yaratish choralari ko`rilayotir.
Mediaturda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.