AsosiyJamiyat

15 mart kuni umumxalq xayriya shanbaligi o`tkaziladi

Toshkent shahar hokimining shu yil 10 mart kuni imzolangan qaroriga binoan, mart-aprel oylari Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish oyligi deb e`lon qilindi. 

Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmatining xabar berishicha, Oylikni o`tkazish bo`yicha shahar ishchi guruhi, amalga oshirilajak tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Joriy yilning 15 mart kuni umumxalq xayriya shanbaligi o`tkaziladigan bo`ldi.

Shahar ishchi guruhi zimmasiga mutasaddi idora va hokimliklar bilan birga ushbu tadbirlar doirasida aholi yashash joylari, ko`p qavatli binolar, uylar atroflari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar, ko`cha va yo`laklarni, shuningdek bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul, mevali va manzarali daraxt ko`chatlari ekish, bo`sh hududlarda bog`lar barpo etish, mavjud daraxtlarni butash va oqlash kabi ko`plab tashkiliy ishlarni amalga oshirish topshirilgan.

E`tiborli jihati, qarorda ishchi guruhiga keksa va nogironlar, yolg`iz qariyalar, boquvchisini yo`qotgan, kam ta`minlangan oilalar holidan xabar olish, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga ko`maklashish vazifasi ham yuklangan.

Mutasaddi tashkilotlar oylik davomida va shanbalik kuni to`planadigan chiqindilarni tashkiliy ravishda olib chiqilishi uchun zarur texnik vositalar va anjomlarni ta`minlashi ko`rsatib o`tilgan.

15 mart kuni o`tkaziladigan xayriya shanbaligi doirasida barcha muassasa,  tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobiga ixtiyoriy ravishda o`tkazilishi belgilangani qayd etilgan.

Darhaqiqat, bu mablag`lar  qay tarzda sarflanadi? Mazkur savol ko`pchilikni qiziqtirishi mumkin. Qarorda belgilanishicha, ushbu mablag`lar “Sog`lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, kam ta`minlangan oilalarga, nogiron va yolg`iz keksalarga moddiy  hamda ma`naviy yordam ko`rsatish, yosh oilalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, mahallalardagi mavjud sport  maydonlarini joriy ta`mirlash, ularga kerakli anjomlar xarid qilish kabi maqsadlarga   yo`naltiriladi.

Bahorni bejiz “yangilanish fasli” deyishmaydi. Axir xalqimizning eng aziz shodiyonlaridan biri bo`lmish Navo`zi olam yaqin. Navro`z kun-u tunning tengligi barobarida yangi yilning boshlanishi hamdir. Yangi yilga esa yaxshi niyat, ezgu amallar bilan qadam qo`yishga nima etsin. Shunday ekan, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanalmish umumxalq hashariga marhamat.

    Boshqa yangiliklar