AsosiyJamiyat

KONSERT-TOMOShASI BEDARVOZA EMAS

'KONSERT-TOMOShASI BEDARVOZA EMAS'ning rasmi

Andijon shahridagi «Oltin vodiy» to`yxonasida shu yilning 29 noyabr kuni katta konsert dasturi namoyish etildi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Yulduz Abdullaeva hamda xonanda Oyxon Eshonxonova tomoshabin to`la muhtasham zalda «El aro inson aziz» nomli dastur asosida qo`shiqlar guldastasini in`om etdilar. Qarsak ustiga qarsak.

Buni qarangki, «Vodiy tantana media» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ya`ni, uning etakchisi Ozodbek Mirzaev tashabbusi bilan uyushtirilgan konsert tadbiri zarur hujjatlar asosida rasmiylashtirilmadi. Ruxsatnomasiz tashkil etilgan tadbir uchun sotuvga chiqarilgan chiptalar davlat soliq inspeksiyasida ro`yxatdano`tkazilmagan edi.
Eslatib o`tamiz: O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi «Fiskal xotiraga ega bo`lgan nazorat-kassa mashinalarining qo`llanishini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 306-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda fiskal xotiraga ega bo`lgan nazorat-kassa mashinalarini qo`llash tartibi to`g`risida Nizom»da shunday deb ko`rsatilgan: «Xo`jalik yurituvchi subekt chiptalar, talonlar, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni ro`yxatdan o`tkazish uchun aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish boshlangunga qadar davlat soliq xizmati organlariga murojaat qiladi. Davlat soliq xizmati organlari ko`rsatib o`tilgan hujjatlarni ikki kun muddatda ro`yxatdan o`tkazadi.»

Yana bir me`yoriy hujjatga e`tiboringizni qaratamiz: Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrda «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 354-sonli qaror bilan tasdiqlangan «Konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish tartibi to`g`risida Nizom»da konsert-tomosha tadbiri ushbu Nizomga muvofiq berilgan ruxsatnoma mavjud bo`lgan taqdirdagina amalga oshirilishi belgilab qo`yilgan. Konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsatnoma berilishi uchun viloyat markazlarida eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida yig`im undiriladi.

Haqli savol tug`iladi: Konsert tadbirini tashkil qiluvchilar bundan bexabar edilarmi?

Viloyat davlat soliq boshqarmasi, «O`zbekkonsert» davlat muassasasi viloyat bo`limi hamda Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorlikda ushbu konsertning to`g`ri tashkil etilishi, sotilgan chiptalarning naqd pul tushumi yuzasidan monitoring-xronometraj tadbirini amalga oshirdilar. Ikki mahal o`tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilardan olingan chiptalar sanoqdan o`tkazilib, har biri 50 ming so`mdan ekanligi, jami 600 nafar fuqaroga sotilganligi ma`lum bo`ldi.

«Vodiy tantana media» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozodbek Mirzaev tushuntirish xatida 3 kun muddatda tomoshadan tushgan 30 million so`m naqd pul mablag`lari bank kassalariga topshirilishi yuzasidan rasman ogohlantirilganligini bildirib, yo`l qo`yilgan xato uchun uzr so`radi.

    Boshqa yangiliklar