AsosiyJamiyat

PENSIONERLARGA IMTIYoZ NIMAGA NISBATAN BERILADI?

'PENSIONERLARGA IMTIYoZ NIMAGA NISBATAN BERILADI?'ning rasmi

Yaqin kunlarda pensiyaga chiqdim, viloyat markazidagi xususiy uyda yashayman. Uyning maydoni 230 kv.metrni tashkil etadi. Ma`lumotlarga ko`ra, pensionerlar 60 kv.metr maydon uchun mol-mulk solig`idan ozod bo`lib, ushbu holatda maydondan kelib chiqqan holda soliqning tabaqalashtirilgan stavkalari qo`llanilar ekan.

Tushuntirish bersangiz, pensioner 60 kv.metr maydon uchun soliqdan ozod bo`lsa, uyning soliq solinadigan maydoni 230 kv.metr emas, 170 kv.metrni tashkil etadimi? Soliqni qaysi stavka bo`yicha to`lashim kerak: 1,7 foizlik stavka bo`yichami yoki 2,1 foizlik stavka bo`yichami?

Pensioner

O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 27-moddasiga muvofiq, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning stavkalari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi. 2017 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari Respublika Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarori 19-ilovasi bilan belgilangan. 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab turar joylar, kvartiralar (umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq bo`lganlari bundan mustasno), dala hovli qurilmalari, garajlar va boshqa imoratlar, xonalar va inshootlarga solinadigan soliqning bazaviy stavkasi mol-mulkning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 1,7 foiz etib belgilangan.

Shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni quyidagicha bo`lgan turar joylar va kvartiralar uchun soliq stavkasi:

- 200 kv.metrdan oshiq va 500 kv.metrgacha bo`lsa – 2,1 foiz;

- 500 kv.metrdan oshiq bo`lsa – 2,9 foiz;

- boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq bo`lgan turar joylar va kvartiralar uchun

– 2,1 foiz etib belgilangan.

PQ-2699-sonli qarorning 19-ilovasida keltirilgan Izohlarning 2-bandiga muvofiq, Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig`i bo`yicha imtiyozni qo`llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kv.metr hajmida belgilandi. Soliq kodeksining 275-moddasiga muvofiq, yuqoridagi shaxslar toifasiga pensionerlar ham kiritilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shaharda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq va 500 kv.metrgacha bo`lgan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi mol-mulkning kadastr hujjatlaridan kelib chiqqan holda belgilangan inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 2,1 foizni tashkil etadi.


Imtiyoz 60 kv.metrga tatbiq etilganligi munosabati bilan sizning holatingizda soliq 170 kv.metr maydon uchuna 2,1 foizlik stavka bo`yicha hisoblanadi.

E`tibor bering, belgilangan imtiyoz:

• mulkdorning tanlashiga binoan faqat bir mol-mulk obektiga taalluqli bo`ladi.

Masalan, agar sizda dala hovli ham bo`lsa, maydonning 60 kv.metriga tatbiq etiladigan imtiyozni faqat bir obektga, ya`ni uyga yoki dala hovliga nisbatan qo`llashni tanlashingiz lozim;
• jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan yoxud yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan soliq solish obektlariga nisbatan qo`llanilmaydi.

    Boshqa yangiliklar