Qish eshik qoqqani sari ko`cha-ko`yda bolalar tomonidan turli pirotexnika vositalaridan foydalanish hollari ko`payadi. Uning ayanchli oqibatlari, bolalarimiz sog`lig`iga ta`siri barchamizga ma`lum. Bu o`z navbatida bojxona hamda boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarini sergaklikka chorlaydi. Sababi, aynan shu davrda pirotexnika vositalarining bojxona chegaralaridan noqonuniy olib o`tilishi hamda qonunga xilof tarzdagi savdosi kuchayadi.
Pirotexnika vositalari bilan bog`liq qoidabuzarliklarni tartibga solish hamda mamlakatimizga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini o`rnatish, ularning noqonuniy foydalanishining oldini olish, pirotexnika vositalari namoyish qilinadigan madaniy-tomosha va boshqa tadbirlarni o`tkazishda xavfsizlik chora-tadbirlarini kuchaytirish, shuningdek, iste`molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta`minlash maqsadida 2009 yil 10 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan.
Shu bilan birga, 2010 yil 22 sentyabrdagi “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun bilan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo`natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O`zbekiston Respublikasiga olib kirish (O`zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o`tkazish kabi qonunbuzarliklar uchun O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 2501-modda hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks 1851-modda bilan to`ldirilib, qonunbuzarlarga nisbatan jazo choralari keskin kuchaytirildi.
Mazkur qonun bilan yana bir tartib joriy qilindi, ya`ni pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizasiya qilish, foydalanish, yo`q qilish va utilizasiya qilish – amalga oshirilishi uchun lisenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlari ro`yxatiga kiritildi.
Pirotexnika vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish, aniqlash, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish hamda aholi orasida tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganiga qaramasdan, ushbu yo`nalishda huquqbuzarlik holatlari sodir etilayapti.
Bu boradagi huquqbuzarliklarni aniqlashda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ham muayyan chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Misol uchun, Nishon tumani hududida joylashgan 154-sonli temir yo`l raz`ezdiga kelib to`xtagan 320-sonli “Moskva-Dushanbe” yo`nalishidagi yo`lovchi poezdi bojxona nazoratidan o`tkazilganda, ushbu poezdning 10-vagonida vagon kuzatuvchisi sifatida kelayotgan fuqaro T.N.ga tegishli buyumlar orasidan yashirincha joylashtirilgan holdagi 50 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, belgilangan tartibda bayonnoma tuzildi.
Yakunda mazkur huquqbuzarlik holati bo`yicha Jinoyat ishlari bo`yicha Nishon
tumani sudining qarori bilan fuqaro T.N.ga nisbatan tegishli jazo
tayinlanib, huquqbuzarlik ashyosi hisoblangan pirotexnika vositalari
belgilangan tartibda yo`q qilinishi ta`minlandi.
Shuni aytish lozimki, yaqinlashayotgan qish mavsumi, qolaversa, Yangi yil
bayrami turli pirotexnika vositalarisiz ham zo`r o`tadi. Ulardan
foydalanmaslik sodir bo`ladigan ko`plab noxushliklarning oldini oladi.
Bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari qatorida har bir ota-ona,
mahalla-ko`y, ta`lim muassasalari mutasaddilari birdek mas`uldir.






