AsosiyJamiyat

331 MILLIARD SO`MLIK SOLIQ IMTIYoZI

' 331 MILLIARD SO`MLIK SOLIQ IMTIYoZI'ning rasmi

Joriy yilning to`qqiz oyi davomida 1582 xo`jalik yurituvchi subektlar 331 milliard so`mdan ortiq soliq imtiyozlaridan foydalandi.

Masalan, birgina Qarshi shahridagi «Qarshi leather» O`zbekiston-Isroil-Xitoy qo`shma korxonasiga 805 million so`mga yaqin soliq imtiyozlari berildi.

Ma`lumki, Qashqadaryo viloyatida qishloq xo`jaligining chorvachilik tarmog`i ancha rivojlangan. Har yili hududda katta miqdorda go`sht va sut mahsulotlari etishtiriladi. Shu bilan birga, charm-poyabzal sanoati uchun muhim xom ashyo hisoblangan teri olinadi. Biroq ilgari hududda terini qayta ishlash borasidagi imkoniyat to`la ishga solinmasdan qolayotgandi.

Joriy yilda Qarshi shahrida «Qarshi leather» O`zbekiston-Isroil-Xitoy qo`shma korxonasi tashkil etilib, bu erda xom teriga zamonaviy texnologiyalar asosida ishlov berish ham yo`lga qo`yildi.

Uch bosqichda amalga oshirilishi ko`zda tutilgan mazkur loyihaga chet el investisiyasi jalb qilinib, korxonaga xorijdan terini qayta ishlashga mo`ljallangan zamonaviy texnologiyalar keltirib o`rnatildi.

– Loyihaning dastlabki bosqichida yiliga 750 ming dona yirik shoxli mol terisini qayta ishlash rejalashtirilgan, – deydi korxona ijrochi direktori Farhod Panjiev. – E`tiborlisi, korxonamizda mavjud quvvatdan to`liq foydalanishga harakat qilinmoqda. Kuniga o`rtacha 1200 dona teriga ishlov berilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizning sifati jahon talablariga javob beradi. Shu bois, uni sotib olish istagida bo`lgan xorijlik xaridorlarimiz ko`p. Bu esa, eksportga keng yo`l ochmoqda. Avvaliga 2 million AQSh dollari qiymatidagi yarim tayyor charmni Xitoy mamlakatiga jo`natdik. Boshqa hamkorlarimiz bilan ham shartnomalar tuzganmiz. Har oyda o`rtacha hisobda 1,5-2 million dollarlik mahsulotni eksportga jo`natishni maqsad qilganmiz.

Korxona mutasaddilarining ma`lum qilishicha, terini qayta ishlash jarayonida ajraladigan ichki yog`li chiqindidan unumli foydalanib, undan ikkilamchi mahsulot – maxsus em tayyorlash bo`yicha ham ish olib borilmoqda.

Ushbu taklif chet ellik investorlar tomonidan ham ma`qullagan. Bu mahsulotni sotib olishga Amerika va Evropa mamlakatlari ishbilarmonlari talabgor bo`lib chiqqan. Korxona rahbariyati shularni e`tiborga olib, maxsus em ishlab chiqarishni ham yo`lga qo`yishga qaror qilgan.
Aytish joizki, umumiy qiymati 9 million AQSh dollariga baholangan mazkur loyihaning dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangach, korxonada 150 ta yangi ish o`rni yaratildi. Loyihaga ko`ra, keyingi bosqichda charmni bo`yashni tashkil etish, oxirgi bosqichda esa, tayyor mahsulot – charm poyabzal va attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish belgilangan. Natijada, qo`shimcha yana 150 nafar kishining bandligini ta`minlashga erishiladi.

    Boshqa yangiliklar