Rossiya beg`araz asosda Tojikistonga 122 million dollarlik harbiy texnika taqdim qildi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
“Etkazib beriladigan qurol-aslaha va harbiy texnika Tojikiston qurolli kuchlarining terrorchilik tahdidini bartaraf etish, tojik-afg`on chegarasida ishonchli himoya yaratishdagi imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi”, degan Rossiya Mudofaa vazirligi xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig`i Aleksandr Kshimovskiy.
Tojikistonlik harbiylar uchta T-72B1 tanki, to`qqizta BTR-80, BTR-70 va BMP-2 mashinasi, uchta D-30 gaubisasi hamda 23M1 zenit qurilmasini olgan. Bundan tashqari, Mi-24 va Mi-8 vertolyotlari, tibbiyot va topografiya anjomlari, bronetexnika ehtiyot qismlari, aloqa vositalari hamda o`qotar qurollar ham etkazilgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, Qirg`iziston, Armaniston va Tojikiston 2011 yildan beri Rossiya tomonidan eng katta ko`mak olgan MDH mamlakatlari hisoblanadi. Xususan, 2011-2015 yillarda Qirg`iziston 653 million dollarlik, Armaniston 57,3 million dollarlik, Tojikiston esa 79,5 million dollarlik yordam olgan.






