O`zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi 2014 yil 12 mart kuni «Uz.news» saytida chop etilgan «Jizzax viloyatida jinsiy tajovuz jabrdiydasi himoyadan mahrum» nomli maqolaga raddiya berdi.
Ushbu maqolada Forish tumani «Qorabdol» QFY, «Narvon» MFY, Narvon qishlog`ida yashovchi fuqaro Abdurayimova Zilola tomonidan uni Normuxammedov Azamat majburlab nomusiga tekkanligi holati yuzasidan yozgan arizasi tuman IIB xodimlari tomonidan qabul qilinmayotganligi va ushbu arizani ko`rib chiqishdan bosh tortayotganliklari hamda 2013 yilning iyun oyidan boshlab qo`shnisi Azamat Normuxammedov tomonidan zo`rlab kelinayotganligi, A.Normuxammedov Z.Abduraimovaning bo`g`ziga pichoq tirab zo`rlaganligini, bu haqda tuman IIB profilaktika inspektori Q.Abduraxmonovga ariza bilan murojaat qilganida, profilaktika inspektori «bu noqonuniy» - deb arizani qaytarib berganligini, shundan so`ng Z.Abdurayimova Forish tuman IIB tergovchisi E.Lochinovga kelib uchrashganida E.Lochinov ham uning arizasini olishni rad etganligini, Z.Abdurayimova qashshoq va past ijtimoiy maqomga ega ekanligi uchun jabrdiydaga aylanganligi takidlab o`tilgan.
Ushbu yozilgan maqola yuzasidan tekshiruvlar o`tkazilganida maqolada keltirib o`tilgan vajlar o`z tasdig`ini topmasligi va asossiz ekanligi malum bo`ldi va O`zbekiston Respublikasining 2007 yil 15 yanvar kungi «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi Qonunini 34-moddasiga muvofiq raddiya beriladi.
Fuqaro Z.Abdurayimovaning 2013 yil yoz oylaridan boshlab 2013 yilning oktyabr oyiga kadar qo`shnisi A.Normuxammedov bilan o`zining uyida doimiy ravishda ixtiyoriy jinsiy aloqada bo`lib kelganligini, ayni vaqtda homilador ekanligini bayon qilib, fuqaro A.R.Normuxammedov u bilan bu kabi tarzda jinsiy aloqada bo`lib kelib homilador holga keltirib qo`yganligi uchun unga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`rab, 14.02.2014 yilda Forish tumani IIBga kelib murojaat qilgan va shu kuni uning arizasi tuman IIBda tegishli tartibda qayd etilgan. Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari tuman IIB tergovchisi E.Lochinov tomonidan olib borilgan.
Surishtiruv xarakatlarida Z.Abdurayimova o`zining himoyachisi advokat S.Serikbaev bilan birga ishtirok etib, himoya huquqi bilan to`liq ta`minlangan.
O`tkazilgan Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra fuqaro Z.Abdurayimova jinsiy hayot kechirganligi, uning tanasidan majburlab nomusga tegishga xos tan jaroxatlari va izlari topilmaganligi u hozirgi kunda muddati 31-32 xaftalik xomilador ekanligi aniqlangan.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida fuqaro Z.Abdurayimova tomonidan unga A.Normuxammedov pichoq tirab nomusiga tekkanligi xolati uning arizasi va surishtiruv davrida bergan ko`rgazmalarida umuman bayon etilmagan. Bundan tashqari Z.Abdurayimova 2013 yil yoz faslidan to 2014 yil 14 fevral kuniga qadar bo`lgan vaqt davomida bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilish real imkoniyatiga ega bo`lgan bo`lsada, qachonki xomilador ekanligini oila-a`zolari tomonidan sezib qolmagunga qadar bu holatni yashirib kelgan. Bu holatlar esa Z.Abdurayimovani nomusiga majburlab tegilganligiga mantiqan mos kelmaydi. Shuningdek A.Normuxammedov surishtiruvda bergan ko`rgazmalarida Z.Abdurayimovaning roziligi bilan uni o`zini uyida doimiy ravishda jinsiy aloqada bo`lib kelganligini, unga nisbatan ruhiy yoki jismoniy zo`rlik ishlatmaganligini, Z.Abdurayimovani engil tabiatli ayol sifatida oldindan bilganligi uchun uning xomilasi undan bo`lganligini rad etgan. Shu va shunga o`xshash boshqa to`plangan holatlardan kelib chiqib, tergovchi tomonidan 23.02.2014 yilda jinoyat ishi qo`zg`atishlik O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksi talablariga ko`ra jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli rad etish xaqida qaror qabul qilingan.
Fuqaro Z.Abdurayimova va uning himoyachisi S.Serikbaev to`plangan surishtiruv hujjatlari va shu asosda qabul qilingan qaror bilan to`liq tanishib chiqqan va Z.Abdurayimovaning tug`ilajak farzandini otaligini belgilash yuzasidan kelgusida Fuqarolik ishlari bo`yicha tegishli sudlovlarga murojaat etish xuquqlari tushuntirilgan.
Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, 2014 yil 12 mart kuni Uz.news veb saytida chop etilgan «Jizzax viloyatida jinsiy tajovuz jabrdiydasi-himoyadan mahrum» nomli maqolasida ko`rsatib o`tilgan holatlarning barchasi asossiz va real holatni bilmasdan ko`r-ko`ronalik bilan yozilganligi sababli raddiya bildiriladi.