AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 9 tilda xizmat ko`rsatuvchi elektron savdo maydoni ochildi

Poytaxtimizda Teclot.com yagona elektron savdo maydoni taqdimoti bo`lib o`tdi. Taqdimot doirasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini qo`llagan holda yagona biznes makon tashkil etish masalaci muhokama qilindi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tomonidan “Uzbekistan Industrial Forum – 2014” oltinchi xalqaro sanoat forumi doirasida tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma`ruzasida sog`lom raqobat muhitini shakllantirish, jahon bozoriga chiqish, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish muhimligi alohida ta`kidlangan edi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda yangi axborot kommunikasiya-texnologiyalarini joriy qilish, xususan, mahsulot eksport qiladigan korxonalarni elektron savdo maydonlariga jalb etish muhim o`rin tutadi. Buning samarasida mazkur korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini yo`lga qo`yish, bo`lajak xaridorlarni topish va o`z mahsulotlarini taklif etish uchun zarur qulayliklar yaratiladi.

Teclot.com yagona elektron savdo maydoni ushbu imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Evropa, Osiyo, Amerika, Afrika, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari kompaniyalarini birlashtiradigan ushbu savdo maydoni  tizimi 9 tilda xizmat ko`rsatadi.

         – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining elektron savdoda ishtirok etishi ularning tijorat faoliyatini sezilarli ravishda engillashtirib, mahsulot eksport qilishiga katta imkoniyatlar yaratadi, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi direktori vazifasini bajaruvchi Jahongir Mustafoev. – Xalqaro tajriba shuni ko`rsatadiki, tovarlarni internet savdo orqali taklif etish natijasida ularning faoliyat samaradorligi 50-80 foizga oshadi. Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to`g`risida”gi qonun sohani huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga yordam beradi.    

Tadbir davomida ishtirokchilar Teclot.com yagona elektron savdo maydonining ishlash prinsiplari bilan batafsil tanishtirildi.  

    Boshqa yangiliklar