AsosiyJamiyat

«Matiz», «Captiva» hamda “MAN” yuk avtomobilining o`yinchoq shakli tayyorlanmoqda

Har bir ota-ona farzandining jismonan sog`lom, dunyoqarashi keng, yuksak ma`naviy fazilatlarga ega bo`lib ulg`ayishini istaydi. Bunda o`yinchoqlarning ahamiyati katta.

Mamlakatimizda tadbirkor va ishbilarmonlar faoliyati qo`llab-quvvatlanib, ularga etarli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bundan unumli foydalanib, o`yinchoq va qo`g`irchoq ishlab chiqarayotgan korxonalar safi ham yildan-yilga kengaymoqda. Natijada «O`zbekistonda ishlab chiqarilgan» yorlig`i ostida tayyorlanayotgan o`yinchoqlar turi va sifati ham ortib borayotir, deya xabar beradi O`zA.

           ...«Mening ismim Aziza. Kel, birga o`ynaymiz. Qo`shiq aytishni xohlaysanmi? Yur, raqsga tushamiz». Ipak matodan chiroyli ko`ylak, nimcha kiygan qo`g`irchoq o`zbek tilida shunday jumlalarni takrorlaydi. Qizingiz o`ynayotgan qo`g`irchoq o`zbek tilida so`zlasa, unda ona tilimizga, Vatanimizga, milliy an`ana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg`usi shakllanadi. Poytaxtimizdagi «Man Joy Toys» mas`uliyati cheklangan jamiyati joriy yildan milliylik aks etgan ana shunday qo`g`irchoq va o`yinchoqlarni yurtimiz ichki bozoriga chiqara boshladi.

2009 yilda ish boshlagan mazkur korxonada dastlab olti turdagi o`yinchoqlar ishlab chiqarilgan bo`lsa, bugungi kunda etmish turdagi plastik va yumshoq o`yinchoqlar – o`n turda mashinalar, uy-ro`zg`or buyumlari, sport anjomlari, turli shakl va hajmdagi yig`ma o`yinchoqlar tayyorlanmoqda.

         – Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonamizda milliy o`yinchoq va qo`g`irchoqlar turini yanada ko`paytirish niyatidamiz, – deydi korxona rahbari Muhammadjon Mirsoatov. – Hozir yurtimizda ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillarning ikki turi – «Matiz» va «Captiva» hamda  “MAN” yuk avtomobilining o`yinchoq shakli tayyorlanmoqda. Boshqa avtomobil maketlarini yasash ishlari ham olib borilayotir.

Yigirma nafarga yaqin ishchi faoliyat yuritayotgan korxonada bir yilda ikki yuz mingta o`yinchoq tayyorlash rejalashtirilgan.

         – Ayni paytda o`zbek tilida «So`zlovchi alifbe»ni ishlab chiqarishga hozirlik ko`rmoqdamiz, – deydi dizayner Abdumalik Abdug`afforov. – Mazkur alifbening “tez aytish”, “sinovli o`yin”, “o`rganamiz”, “imtihon”, “uy hayvonlari”, “ranglar va raqamlar” deb ataluvchi tugmachalarini bossangiz, bolajonlarga birlamchi saboqlar beriladi. Unda takrorlash va qo`shiqni birga aytish kabi qulayliklar ham mujassam. Kelgusida ikki yoki uch tilda so`zlovchi o`yinchoqlarni tayyorlash borasida ishlar olib borilmoqda.

Yurtimizda farzandlarimizning qiziqishi va dunyoqarashiga mos milliy o`yinchoqlar yasash va sohani yanada rivojlantirish jarayonida qo`li gul hunarmandlarning faoliyatini izchil qo`llab-quvvatlash, ularga zarur imkoniyatlar yaratishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Poytaxtlik hunarmand Ravshan O`rinboev bir-biridan ajoyib milliy  qo`g`irchoqlar yasovchi usta sifatida nom qozongan iste`dod sohiblaridan. Uning mehnati mahsullari – milliy qahramonlarimiz aks etgan qo`g`irchoqlar bayramu tantanalarda, istirohat bog`larida bolalarning sevimli ertaklarini gavdalantirmoqda.

         – Bir necha yildan buyon milliy qo`g`irchoqlar yasash bilan shug`ullanamiz, – deydi R.O`rinboev. – Yurtimizda hunarmandlar samarali faoliyat ko`rsatishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Har yili nufuzli tanlovlar tashkil etilib, hunarmandlar mehnati munosib rag`batlantirilayotir. Bunday tadbirlar davomida yasagan mahsulotimizni keng targ`ib etish, hamkasblarimiz faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`layotirmiz.

Hunarmand dastlab turli o`yinchoqlar yasagan bo`lsa, ayni vaqtda oilaviy tadbirkorlik asosida «Ajoyib mo``jiza» deb nomlangan qo`g`irchoqlar tayyorlash bilan shug`ullanmoqda. U o`z faoliyatida ko`proq milliy qadriyatlarimizga murojaat etadi. Qo`g`irchoq yasashda avvalo bolalarning qiziqishi, jumladan, jajji qizaloqlarda ibo-hayo, andisha tuyg`ulari shakllanishi, o`g`il bolalarning mardlik, jasurlik, halollik kabi fazilatlar ruhida ulg`ayishiga e`tibor qaratadi.

«Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Alpomish» dostonlari qahramonlari, o`zbek ayoli, “shum bola” kabi katta qo`g`irchoqlar yuqori sifati, qolaversa, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga  xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu jarayonda atlas, adras, beqasam, olacha, parcha, satin singari matolardan tikilgan milliy liboslardan foydalaniladi. Bunda yurtimizning har bir hududiga xos kiyinish uslubi, milliy qadriyatlar o`z ifodasini topadi.

Milliy qo`g`irchoqlar tayyorlash hunarmandlarga katta mas`uliyat yuklaydi. Chunki o`yinchoqlar obrazi bolaning tasavvurida bir umr saqlanib qoladi. Bunda malakali mutaxassis bo`lishning o`zi kamlik qiladi, Vatanimiz tarixi, milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimizni ham chuqur bilish talab etiladi.

Ayni paytda xalqimizning afsonaviy qahramonlari siymosini o`zida aks ettirgan qo`g`irchoqlar yasalayotgan ustaxonada o`n nafarga yaqin yigit-qiz mehnat qilmoqda. Ular do`kon rastalarini milliy qo`g`irchoqlar va farzandlarimiz e`tiborini tortadigan o`yinchoqlar bilan ta`minlash niyatida.

Milliy ruh bilan sug`orilgan o`yinchoqlar farzandlarimizni mard va jasur, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod etib ulg`aytirishdek ezgu maqsadga xizmat qiladi.

   

    Boshqa yangiliklar