Bojxona rasmiylashtiruvini va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan oziq-ovqat mahsulotlari va tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishi oldini olish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish bojxona organlari oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Ta`kidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlarining qonuniy tarzda import qilinishi nafaqat iqtisodiy xavfsizligimizni himoya qilishga, balki, eng avvalo aholining salomatligini asrashga va ularni sifati kafolatlangan mahsulotlar bilan ta`minlashga xizmat qiladi.
Ammo, ayrim soxta tadbirkorlarning bojxona nazoratidan yashirincha olib o`tishga urinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari haqida bunday deb bo`lmaydi. Sababi, avvalo ularning oziq-ovqat mahsulotlarini tashish qoidalariga muvofiq etkazilganiga hech qanday kafolat yo`q.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari ham bir guruh qonunbuzarlar tomonidan muqaddam noqonuniy yo`llar bilan kichik-kichik turkumlarda olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan yirik miqdordagi parranda go`shti, oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek qo`yishdi.
Olingan tezkor ma`lumotlar asosida poytaxtimiz bojxonachilari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda siz tasvirda ko`rib turgan mana bu yuk avtotransport vositasi o`rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida sabzi to`la polietilen qoplari orasiga horijda ishlab chiqarilgan salkam 2 tonna tovuq go`shti, 1,5 tonnaga yaqin sosiska mahsulotlari va 1800 dona salqin ichimliklar borligi aniqlandi. Mazkur yuk avtoulovi egasi fuqaro Q.Sodiqov qiymati 30 mln so`m bo`lgan ushbu oziq-ovqat mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvini hamda sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qila olmadi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar beradi.
Shunga o`xshash yana bir tezkor tadbir davomida mana bu yuk avtomashinasi yukxonasida mato o`ramlari bilan to`sib yashirilgan 3 tonna 300 kg. parranda go`shti va 2 ming donaga yaqin kosmetika vositalari yashirilgani aniqlandi. Muqaddam aylanma yo`llar orqali olib kirilgan va tabiiy-ki bojxona rasmiylashtiruvini hamda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan qiymati 42 mln. so`mlik mazkur tovar-moddiy boyliklar andijonlik I.Nuriddinovga tegishli ekan.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2013 yil mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 24 mingdan ortiq qonunbuzarlik holatlarida qiymati 151 mlrd. so`mdan ortiq tovar moddiy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.





