9-10 aprel kunlari “O`zko`rgazmasavdo” markazida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari VII-yillik "BankExpo-2014” milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tadi.
Ko`rgazma Respublika Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitalari, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assosiasiyasi, Banklar Assosiasiyasi hamda “Kamolot” ijtimoiy yoshlar harakati bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Bu yirik anjumanni tashkil etishdan maqsad - tadbirkorlik sub`ektlari va aholiga bank-moliya tizimining so`nggi yutuqlari va istiqboldagi rivojlanish yo`nalishlarini keng etkazish, yangi texnologiya va xizmatlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat, deya xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.
So`nggi yillarda mamlakatimizda bank ishi sifat jihatdan tobora ilgarilab bormoqda. Bugungi kunda balog`at yoshidagi aholining barchasi bank xizmatlari bilan qamrab olingan. Bank xizmatlaridan foydalanish darajasining o`sishini mamlakatimizda har yuz ming katta yoshdagi aholiga 49,7 ta bank muassasasi to`g`ri kelayotgani, har ming kishi nomiga 1028 ta bank hisobraqami ochilganida ham ko`rishimiz mumkin.
Ko`rgazma tijorat banklarining real va salohiyatli mijozlariga munosabatini, yangi mijozlarni jalb etish, yangi xizmatlarni joriy etish va takomillashtirishning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab olishiga jiddiy turtki beradi.
Ko`rgazma salohiyatli mijozlarni kreditlash shartlari, mexanizmlari va boshqa moliyaviy xizmatlar ko`rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirishda, pirovardida mijozlarning vatanimiz banklariga bo`lgan munosabatini shakllantirish, ishonchini mustahkamlash va kredit tashkilotlari faoliyati samaradorligini yaxshilashda beqiyos o`rin tutadi.
Ko`rgazmada mamlakatimizning barcha tijorat banklari, Lizing beruvchilar assosiasiyasi, etakchi sug`urta kompaniyalari hamda mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari ham o`z mahsulotlari va xizmatlari haqida hikoya qiluvchi stendlari bilan ishtirok etadi.
Shu bilan birga, ko`rgazmada bugungi kunda kichik biznesni, xususan yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlashda bank tizimi bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan “Kamolot” YoIH, Davlat soliq qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va boshqa bir qator tashkilotlar ham qatnashmoqda.
Joriy yilda o`tkazilayotgan ko`rgazmaning asosiy yo`nalishi “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi va mamlakatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta`minlash, xususan kichik tadbirkorlik sub`ektlari, oilaviy biznes, o`z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo`lgan ta`lim muassasalari bitiruvchilari, uy mehnatini engillashtirish maqsadida xotin-qizlarga taklif etilayotgan bank xizmatlari bo`yicha ma`lumot va maslahatlar berishga qaratilmoqda.
Ko`rgazma dasturi keng va rang-barang bo`lib, unda davra suhbatlari, seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar, master-klasslar tashkil etiladi. Ushbu tadbir ishtirokchilar uchun ko`p narsa beradi. Eng muhimi, bank xizmatlari iste`molchisi qisqa muddat ichida bozorga taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishish, taqqoslash, mutaxassislardan kerakli maslahatlarni olish, muzokaralar o`tkazish imkoniga ega bo`ladi.
Ko`rgazma doirasida tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon va fermer xo`jaliklari, endigina ish boshlayotgan yosh tadbirkorlar, ish bilan bandlikni ta`minlash ko`zda tutilgan loyihalar bo`yicha o`tkaziladigan tanlovlar g`oliblariga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirish marosimi ham bo`lib o`tadi.
Aytish mumkinki, ko`rgazma ishtirokchilar va mehmonlarning bank tizimi yutuqlari, rivojlanish istiqbollari haqida o`zaro axborot va tajriba almashish, manfaatli hamkorligini kengaytirishga, umuman olganda mamlakatimizda bank ishi taraqqiyotiga, iqtisodiyot sub`ektlari va aholining bank xizmatlariga bo`lgan talabini to`la qondirishiga qulay sharoit yaratadi.





