“... Fuqarolarning og`zaki va yozma murojaatlari bir xil ahamiyatga ega...”
“Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida”gi qonundan
“...Albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimiz o`rtasida yuzxotirchilik, odamning sha`niga tegmaslik, uni ayab gapirish kabi odatlar azaldan mavjud. Buning nomini andisha deydi. Lekin bugungi kunda rahbar yoki uning atrofidagi odamlarning xato va kamchiliklarini bila turib aytmaslik, ularni yashirib yurishni ham andisha degan so`z bilan izohlashga urinishlar bo`lyapti. Boshqacha aytganda, eskidan qolgan illatlarni oqlaydigan holatlarga indamasdan qarab turish ham andishaga aylanib qolyapti. Biz andishani bunday tushunishlardan mutlaqo xalos bo`lishimiz kerak...”
Davlatimiz rahbari tomonidan o`tgan yilning 19 dekabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytilgan ushbu fikrlar zamirida odilona da`vat nafasi ufuradi, desak mubolag`a emas. Ehtimol quyidagi murojaatlar ham ana shu da`vatga munosib misol bo`la olar..
BANKLARDAGI OMONATLAR XUSUSIDA
Chirchiq shahrida yashayman. “Ipotekabank”ning shahar filialida ortiqcha mablag`imni saqlash uchun olib borgandim. Bir omonat turida yillik foiz 25 % etib belgilangan ekan. 6 oylik muddat bilan 3 mln. 200 ming jamg`arma qo`ydim. Qo`ygan omonatim uchun menga to`langan foizlar miqdori kamdek nazarimda. Aytishlaricha, mening jamg`armam har oyda foizni olib yangi hisob ochgan bo`lganimda foiz ishlar ekan. Shu haqda ma`lumot berib, meni qiziqtirgan masalaga oydinlik kiritsangiz.
Habibullo Kamolov, Toshkent viloyati, Chirchiq shahri
ShUBHALARGA OYDINLIK KIRITAMIZ: KIM HAQ?
Mazkur murojaat yuzasidan Markaziy Bankning Toshkent viloyati Bosh boshqarmasidan ma`lumotlar olindi. Bosh boshqarma boshlig`i A.Sayfullaev imzosi bilan taqdim etilgan javob xatida soha xodimlari murojaat muallifi bilan uchrashganligi qayd etilib, “Ipoteka-bank” Chirchiq filialida o`tkazilgan majlis bayonnomasi va omonatchi X.Kamolovning bildirgi nusxasi ilova qilingan. Mushtariyning bildirgisi mazmuni esa quyidagicha mazmunda:
“Mening tahririyatga murojaatim yuzasidan “Ipoteka-bank”ning Chirchiq filialida viloyat filiali mas`uli va jamg`arma kassa bo`limi boshlig`i ishtirokida omonat foizlari yuzasidan ishlab chiqilgan qoidalarni ko`rsatgan holda tushuntirish berildi. O`zimni qiziqtirgan savollarga javob oldim. Tegishli bankka va bank xodimlariga e`tirozim yo`q.”
TAHRIRIYaT: guvohi bo`lganingizdek, shubhalar asossiz bo`lib chiqqan. Ammo murojaatdagi holatlar yuzasidan tegishli tartiblardan boxabar etilgani quvonarli. Bu esa soha doirasida olib borilayotgan ishlarga soya solayotgan shubhalarga munosib javob bo`la oldi, desak mubolag`a emas.
“TA`LIM KREDITI” MAShMAShASI
“Yoshim 82 da. Nogironlik nafaqasi olaman. Turmush o`rtog`im esa 85 yoshda, qarilik pensiyasiga chiqqan. Kasallik sababli vafot etgan qizimning farzandi bizning qaramog`imizda. Ya`ni xo`jayinim vasiylikka olgan. Ana shu nabiram yurtimizdagi oliy o`quv yurtida kontrakt asosida o`qishga qabul qilingan. Ana shu kontraktni to`lashda ta`lim krediti olmoqchi bo`ldik. Ammo na mahalla jamg`armasining tumanimizdagi bo`limi, na tuman hokimligi tomonidan hech bir amaliy ko`mak yoki tushuntirish berilmadi. Faqat rad etildi. O`ylanib qoldim: davlatimiz tomonidan ta`sis etilgan xayriya jamg`armalari, ajratilayotgan yordam pullari bizga yoki mening nabiramga o`xshagan boquvchisini yo`qotganlarga emasmi?”.
Z.Beg`amova, Qashqadaryo viloyati
Qamashi tumani “Oybek” mahalla fuqarolar yig`ini
Tahririyat: mushtariy o`zi to`qnash kelgan vaziyatga “qorni to`qning qorni och bilan ne ishi bor” degan naql doirasida xulosa qilgan. Markaziy bankning Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi boshlig`i T.Karimov imzosi bilan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, murojaatchiga ta`lim krediti olishning tartib-qoidalari yuzasidan tushuntirish berilgan. Tegishli yo`riqnoma bilan tanishtirilgan. Shuningdek, javob xatida murojaatchining ham tushuntirish xati ilova qilingan. Unda 2014 yilning fevral oyida, ya`ni o`quv yilining 2 semestrida sug`urta polisi orqali mazkur kreditni olishi imkoniyati yaratilgani haqida ma`lumotlar qayd etilgan. Ushbu holat bilan tanishar ekanmiz, bugungi kunda davlatimizda echimi yo`q masalaning o`zi yo`q. Faqat ayrim mas`ullar fuqarolarning murojaatiga jiddiyroq e`tibor qaratishsa, kifoya, degan bo`lardik.
YaNA O`RTA-MAXSUS MA`LUMOTLILAR MASALASI
Andijon pedagogika bilim yurtida 1988 yili o`qishga kirib, 1992 yili bitirganmiz. 2008-2009 yili Andijon Universitetida imtihon testidan o`tdim va Toshkentdagi Test markaziga suhbatga bordim. Xullas, sinovlardan keyin men kabi barcha sinov topshirganlarga omad tilab, sertifikatni olishga kelishimizni aytishgandi. Ammo men oilaviy muammolar sabab bora olmadim. Ammo yaqin-yaqinlarda ham o`sha sertifikatni olganlar haqida eshitib, yana umid uyg`ondi. Sizga murojaat qilishimdan maqsad esa, o`sha sertifikatni qay tartibda, qaerdan olishim mumkinligi haqida ma`lumot bersangiz.
Andijonlik mushtariy
Mushtariy ushbu maktubni oila-a`zolaridan sir saqlagan holda yozganini inobatga olib, uning ism-familiyasini oshkor etmasdan savollarga javob taqdim etishni lozim topdik. Shuningdek, mushtariy murojaatida 2001-2002 yillarda Asaka pedagogika bilim yurtini bitirganlar qaerlarda ishlashi mumkinligi, o`sha yillarda pedagogika sohasida bilim yurtini bitirganlar boshlang`ich sinflarga qaysi fanlarda dars bera olishi, Qirg`iz-o`zbek universitetini bitirganlar diplomlari bilan yana qanday faoliyat yuritishlari haqida bir necha savollarni ham yo`llagan.
TA`LIM TALABLARIGA JAVOB BERMAGANI UChUN…
Davlat test markazi direktori B.Ismailov imzosi bilan ushbu murojaatga javoban taqdim etilgan ma`lumotlar quyidagicha:
— Andijonlik murojaatchi 2004-2008 yillarda Qirg`iz-O`zbek Universitetida “Pedagogika va boshlang`ich ta`lim metodikasi” mutaxassisligi bo`yicha sirtqi ta`lim shaklida o`qib diplom olgan va uni nostrifikasiyalash uchun 2009 yil 20 avgustda Davlat Test markaziga tegishli hujjatlarni topshirgan. Uning ta`lim hujjatlari “Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikasiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to`g`risida Nizom” talablari asosida maxsus ekspertizadan o`tkazilgan va ekspertiza xulosasiga ko`ra aniqlangan fanlardan maxsus sinov topshirishi belgilangan. U xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni nostrifikasiyalash bo`yicha 2009 yil 25 dekabrda Andijon viloyatida o`tkazilgan maxsus sinovda ishtirok etib, “O`zbekiston tarixi” fanidan 40 ball va mutaxassislik fanidan 46 ball va 2010 yil 26 mart hamda 1 may kunlari ekspert komissiyasining “Og`zaki suhbat” tarzidagi sinovlarida qatnashib salbiy natija olgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda 1992 yil 1 yanvardan keyin xorijiy davlatlar ta`lim muassasalariga o`qishga kirib, “Boshlang`ich ta`lim metodikasi” va “Tarix” ta`lim yo`nalishi bo`yicha olingan diplomlar O`zbekiston Respublikasi Davlat ta`lim standartlari va ta`limga oid huquqiy me`yoriy hujjatlar talablariga mos kelmasligi sababli O`zbekiston Respublikasi hududida tan olinmasligini va nostrifikasiya qilinmasligini ma`lum qilamiz.
Tahririyat: xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni nostrifikasiyalash bilan bog`liq mavzuda tahririyatga murojaat qilayotganlar ham talaygina. Ushbu ma`lumotlar ma`lum ma`noda tizimdagi ayrim savollarga javob bo`ladi, degan umiddamiz. Keyingi sonlarda esa aynan xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni nostrifikasiyalash tartiblari, shartlari va to`lovlari haqida batafsil ma`lumotlarni taqdim etish niyatidamiz.
* Murojaatlar va ularga taqdim etilgan ma`lumotlar mazmuni saqlangan holda qisqartirib olindi.
P/S: Aziz mushtariylar! Hududingizda echimini kutayotgan masalalar e`tibordan chetda qolishini istamasangiz, yashash manzilingiz, ism-familiyangizni to`liq yozib, shaxsiy imzongiz bilan bizga maktub yo`llang. Manzilimiz: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko`chasi, 53-uy. Aloqa indeksi: 100060. Shuningdek, har kuni soat 09.00 dan 19.00 gacha (+99895) 194-64-16 raqamlariga qo`ng`iroq qilib yoki xatlar@darakchi.uz manzili orqali o`z savollaringiz bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Barno MADALIEVA tayyorladi





