Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMTning OIV/OITS bo`yicha birlashgan dasturi ma`lumotlariga ko`ra, ayni paytda dunyoda 35 million nafardan ziyod inson immunitet tanqisligi virusini yuqtirgan.
Har kuni qariyb 7 ming kishi, jumladan, bolalar XXI asr vabosi qurboniga aylanmoqda. Bu mazkur kasallikka qarshi kurashish bo`yicha amaliy choralar qabul qilish zaruratini anglatadi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo`mitalarining O`zbekiston Respublikasida OIV/OITS tarqalishiga qarshi kurash bo`yicha BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga bag`ishlangan eshituvida shu haqda so`z yuritildi.
Unda deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar, xalqaro va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz OITSga qarshi global kurashda faol ishtirok etayotgani alohida ta`kidlandi. O`zbekistonda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlari va OIV/OITS bo`yicha deklarasiyasini amalga oshirishga oid majburiyatlar doirasida aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklar bo`yicha sanitariya-epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish borasida keng ko`lamli ishlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Mamlakatimizda yaratilgan mustahkam me`yoriy-huquqiy baza belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qilmoqda. O`zbekiston Respublikasining 1999 yilda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish to`g`risida”, 2013 yilda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonunlari, Prezidentimizning 2008 yil 26 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 5 yanvardagi “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori va boshqa qator hujjatlar bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda.
Eshituvda ekspertlar qayd etganidek, so`nggi yillarda jahon hamjamiyatida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish masalalariga yondashuv tubdan o`zgarib, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikning o`zaro hamkorligiga talab oshib bormoqda.
Ijobiy natijaga erishish yo`lidagi shunday hamjihatlikni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan 2013-2017 yillarda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo`yicha strategik dastur misolida ko`rish mumkin. Dasturda kasallikka chalinish holatlarini qisqartirish va bemorlarga ko`rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini yanada takomillashtirishga yo`naltirilgan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu maqsadga erishishda tibbiy xodimlar kasb mahoratini oshirish va barcha tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish muhim o`rin tutadi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil tushuntirish ishlari mazkur kasallikning oldini olish va barqaror epidemiologik vaziyatni saqlashga yordam berayotganini ta`kidladi. Ushbu jarayonda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat tuzilmalari ham faol ishtirok etayotir. Buning samarasida aholining kasallik to`g`risidagi xabardorligi oshib, tibbiy ko`rikdan o`tayotganlar soni o`sib bormoqda.
Eshituv yakuni bo`yicha OIV infeksiyasini erta aniqlash va uning tarqalishining oldini o`z vaqtida olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, kasallikning tarqalishiga qarshi kurashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.





