Kecha Evropa chempionlar ligasining chorak final javob uchrashuvlari bo`lib o`tdi.
Birinchi uchrashuvda “Bavariya” bilan 1:1 hisobini qayd etgan “Manchester Yunayted” mehmonda 3:1 hisobi bilan mag`lubiyatga uchradi. Avvaliga Evra hisobni ochgan bo`lsa, bir daqiqa o`tmay Manjukich hisobni tenglashtirdi. So`ngra 68-daqiqada Myuller hamda 76-daqiqada Robben kiritgan to`plar “Bavariya”ga 3:1 hisobidagi g`alaba hamda yarim final yo`llanmasini olib keldi.
“Manchester Yunayted” ketidan “Barselona” ham EChL musobaqasini tark etdi. “Atletiko” “Barselona” ustidan 1:0 hisobida g`alaba qozondi. Ushbu uchrashuvda “Atletiko” bundan ham katta hisobda g`alaba qozonishi mumkin edi. Uchrashuvdagi yagona golni 6-daqiqada Koke kiritdi. Shundan so`ng "Barselona" futbolchilari “Atletiko” darvozasiga yo`l topa olishmadi.