Bugun Toshkent shahridagi INHA universiteti (IUT) va «O`zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati o`rtasida hamkorlikdagi faoliyat to`g`risida shartnoma imzolandi. Bu haqda “Xabar.uz” xabar berdi.
IUT rektori Sarvar Babaxodjaev va «O`zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Shuhrat Atamuhamedov hujjatga imzo qo`yishdi.
Shartnoma doirasida tomonlar hamkorlikda innovasion siyosatni amalga oshirishda qatnashish hamda O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining real tarmog`iga joriy etish bo`yicha innovasion mahsulotlar yaratish, yosh ixtirochilarni rag`batlantirish niyatidalar.
Toshkent shahridagi INHA universitetining bitiruvchilari «O`zbekiston pochtasi» AJ korxonalarida ishlash, talabalar esa amaliyot o`tash imkoniga ega bo`lishi kutilmoqda.
«O`zbekiston pochtasi» AJ axborot-kommunikasiya texnologiyalari hamda logistika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi INHA universitetining mutaxassislari va professorlarini jalb qiladi.
IUT va «O`zbekiston pochtasi» AJ ishlab chiqarish va intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan amaliy ilmiy tadqiqotlar va innovasion texnologiyalarni yaratishga yo`naltirilgan qo`shma tadqiqotlarni amalga oshirish niyatidalar.
Tomonlar innovasion va yoshlar siyosatini amalga oshirish masalalari, shuningdek, o`quv-uslubiy tavsiyalar va adabiyotlarni nashr etish bo`yicha turli seminarlar, davra suhbatlari hamda konferensiyalar o`tkazishadi.






